Buxoro viloyatida Oliy ta’lim muasssasalariga o‘qishga kirish imtihonlarida tartib-qoidalarga rioya qilmagan 69 nafar abituriyent imtihondan chetlatilgan. Bu haqda “Daryo”ga davlat test markazi Buxoro viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Izzat Rahmonov xabar berdi.

Foto: Izzat Rahmonov

Ta’kidlanishicha, 2020-yilda viloyatda OTMlarning bakalavr yo‘nalishiga o‘qishga kirish ishtiyoqida bo‘lganlar uchun test sinovlari Buxoro shahrining Buxoro sport majmuasi, Umid o‘yingohi hamda Dilkusho tennis majmuasida bo‘lib o‘tgan.

“Buxoroda o‘tkazilgan test sinovlarida jami 66 352 nafar abituriyent imtihon topshirishi belgilangan edi. Biroq turli sabablarga ko‘ra 2 248 nafar abituriyent qatnashmadi. 69 nafar abituriyent esa belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmagani sababli imtihonlardan chetlatildi”, — dedi Izzat Rahmonov.

Foto: Izzat Rahmonov

Aytilishicha, test sinovlarida 206 nafar guruh nazoratchilari ishtirok etgan.

Imtihonlardan chetlatilgan 69 nafar abituriyentning 32 nafari nazoratdan o‘tkazish joyida telefon apparati va “shpargalka” olib kirishga uringan. 36 nafari esa quloqchin olib kirishga urinishidan tashqari, hujjatlarini soxtalashtirgani va birovning o‘rniga kirishga uringani aniqlangan. 1 nafar abituriyent tana haroratining ko‘tarilgani sababli imtihondan chiqarib yuborilgan.