Sentabr oyining ikkinchi haftasi ham nihoyasiga yetdi. Jahon siyosiy maydonida esa hamon koronavirus, belaruslar va Navalniy muhim voqea sifatida qolmoqda. Quyida shu haqda.

Koronainfo

O‘tgan haftada O‘zbekistonda bo‘lgani singari butun dunyoda ham matbuotning asosiy mavzusi koronavirus bilan bog‘liq holatlarning oshayotgani bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Kasallik holatlari Yevropa mamlakatlariga qaytadan ko‘paymoqda. Jumladan, Fransiyada kunlik kasallanish holatlari 10 ming nafardan yuqorini tashkil qildi. Karantin choralarini birinchilardan bo‘lib aprel oyidayoq yumshatgan Avstriya yana cheklovlar joriy qilishni boshladi.

Foto: “RIA Novosti”

Unga ko‘ra, niqob taqish majburiy bo‘lgan jamoat joylari soni ko‘paytirilmoqda.  Endilikda himoya niqoblarini faqat jamoat transporti va birinchi ehtiyoj tovarlari do‘konida emas, balki barcha do‘konlar, shuningdek, maktablarda (lekin sinf xonalarida emas) taqish talab etiladi.  14-sentabr kunidan boshlab kafe va restoranlarda ofitsiantlar ham niqob taqishlari shart. Bundan tashqari,  tadbirlar, shu jumladan, yopiq xonada 50 kishidan ortiq, ochiq joylarda esa 100 kishidan ortiq odamlar ishtirokida shaxsiy marosimlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Mehmonlar uchun ajratilgan joylar bo‘lgan ommaviy tadbirlarni esa yopiq joylarda 1,5 ming kishigacha, ochiq havoda uch ming kishigacha o‘tkazish mumkin. Ushbu chora joriy etilguncha yopiq joyda besh ming kishigacha, ochiq joyda esa 10 ming kishigacha tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berilgandi. Agar kasallik holatlari ko‘paysa, cheklovlar yana ko‘paytiriladi.

Cheklovlar, shuningdek, Ukraina poytaxti Kiyevda ham joriy etilmoqda. “Afsuski, yangiliklar taskin bermaydigan. Kiyev epidemiologik xavfning ‘sariq’ zonasiga kirdi. Buni favqulodda vaziyatlar bo‘yicha hukumat komissiyasi belgiladi”, deydi shahar meri Vitaliy Klichko. Shu munosabat bilan 220 dan ortiq odam ishtirok etadigan ommaviy tadbirlar taqiqlandi; kasalxonalarda rejali davolanish to‘xtatildi (homilador, yangi tug‘ilgan, saraton bilan kasallangan, hayot uchun xavfli kasallikka chalinganlardan tashqari); Kiyevdagi oliy ta’lim muassasalari va kollejlarda darslarni 20 kishidan oshmagan guruhlar uchun o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, shaharda mehmonxonalardan boshqa joylashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlar, har bir tashrif buyuruvchini kamida 10 metr kvadrat metr joy bilan ta’minlay olmaydigan fitnes-markazlar yopiladi, sanatoriya va sog‘lomlashtirish lagerlari bolalarni qabul qilishni to‘xtatadi, jamoat transportlari uchun yo‘lovchilarni tashish sig‘imi 50 foiz etib belgilanadi.

Bundan tashqari, Klichko politsiyaga ham murojaat qilib, o‘zini o‘zi yakallagan holda davolanayotgan kasallarning bir joydan boshqa joyga ko‘chishini va ularning jamoat joylariga bormasligini diqqat bilan kuzatishni so‘ragan. Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya esa mamlakatda virusning ikkinchi to‘lqini boshlanganini e’lon qildi. “Kutilganidek, ikkinchi to‘lqin boshlandi. Biz jarayon kuzda boshlanishini taxmin qilgandik va shunday bo‘ldi. Asosiysi, vahima qilishga asos yo‘q, chunki biz vaziyatni to‘liq nazorat qilamiz”, dedi bosh vazir.

Foto: “RIA Novosti”

Gruziyada 10-sentabr kuni 57 kishida koronavirus aniqlanib, kunlik rekord yangilandi. Kavkazdan uzoqlashmaymiz. Armanistonda ham koronavirus sababli karanatin uzaytirildi va u 2021-yilning 11-yanvarigacha davom etadi. Mamlakat hukumati tomonidan ma’lum qilinishicha, karantin Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan koronavirus pandemiyasi, butun dunyodagi qaltis vaziyat, kasallikning Armanistonda keng miqyosda tarqalgani, JSSTning ikkinchi to‘lqin haqidagi ogohlantirishi, aholini himoya qilish zarurati sababli joriy qilinmoqda.

Hukumat qaroriga ko‘ra, Armaniston fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning mamlakat hududida quruqlik orqali kirishi taqiqlanadi. Diplomatlar, vafot etganlarning yaqin qarindoshlari, xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilar bundan mustasno. Mamlakatga kirib keladigan barcha shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart.

Jamoat va ommaviy tadbirlarni 60 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishtirokchi bilan o‘tkazishga ruxsat beriladi. Savdo tashkilotlari, o‘quv muassasalarining faoliyati nazorat organi tomonidan epidemiyaga qarshi choralar asosida tartibga solinadi. Ommaviy yig‘ilishlar va mitinglarni o‘tkazishga shaxsiy himoya va ishtirokchilar o‘rtasida 1,5 metr ijtimoiy masofani saqlash sharti bilan ruxsat beriladi. Armanistonning barcha fuqarolari o‘zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat olib yurishi kerak.

Armanistonda 11-sentabr kuni 16-martdan buyon e’lon qilingan va besh marta uzaytirilgan favqulodda holat rejimi yakuniga yetdi. Mamlakat parlamenti 4-sentabr kuni navbatdan tashqari yig‘ilishida karantin rejimini e’lon qilish ehtimolini nazarda tutuvchi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 10-sentabr kuni mamlakatda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich barqarorlashayotgani, biroq umumta’lim maktablari ochilishi munosabati bilan vaziyatning yomonlashish xavfi saqlanib qolayotganini ma’lum qilgan.

Turkiya hukumati ham 8-sentabr kuni mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi profilaktika choralari kuchaytirilganini e’lon qildi. Butun mamlakat bo‘ylab jamoat joylarida niqobda yurish majburiy qilib qo‘yildi. Kafe, restoran va mehmonxonalardagi tungi konsertlar taqiqlandi, jamoat transportlarida turgan holda ketishga faqat ijtimoiy masofalanishga rioya qilingan holda ruxsat berildi. Qoidabuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Foto: Delfi

Yangi cheklov choralari e’lon qilingan kunda Turkiyada yana 1 761 kishida koronavirus aniqlangan — bu may oyi boshlaridan beri mamlakatda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bundan tashqari, Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘janing ma’lum qilishicha, mamlakatda koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlar soni ortmoqda. “Mazkur vaziyatni birgalikda sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda to‘xtatish mumkin”, deb yozadi amaldor o‘zining Twitter’dagi sahifasiga. Shuningdek, mamlakatda jamoat transportida tik turgan holda harakatlanish ham taqiqlangan.

Buyuk Britaniya hukumati ham koronavirus bilan kasallanish holatlari ortgani sabab olti kishidan ortiq insonlarning guruh bo‘lib to‘planishini cheklab qo‘ydi. Bu bino ichida, jumladan, shaxsiy uy va ochiq havo sharoitiga ham taalluqli. Taqiq 14-sentabrdan kuchga kiradi, deb xabar beradi BBC. Mazkur cheklovni buzganlar 100 funt sterlingdan 3,2 ming funtga qadar jarimaga tortiladi.

Yangi qoida koronavirus tarqalishining zaruriy barcha choralari ko‘rilgan maktablar, ish joylari, shuningdek, to‘ylar, dafn marosimlari va sport tadbirlariga taalluqli emas. Shuningdek, taqiq uchrashuvlar, birga istiqomat qiluvchilar yoki bir oila a’zolariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Yaxshi xabarlar ham bor. Bu koronavirusga qarshi vaksina bilan bog‘liq. Jumladan, o‘tgan haftada Xitoyning ikkita farmatsevtika kompaniyasi birinchi marta koronavirusga qarshi yaratilgan vaksinalarni namoyish etdi. Vaksinalar Sinovac Biotech va Sinopharm kompaniyalari tomonidan yaratilgan. Vaksinalarning namunalari Pekindagi ko‘rgazmada namoyish etilgan. Ayni paytda vaksinalar klinik sinovlarning uchinchi bosqichidan o‘tmoqda. Ishlab chiqaruvchilar 2020-yilning oxirigacha ulardan foydalanish uchun ruxsat olishga umid qilmoqda.

Foto: “Pharmexperience.ru”

May oyida Xitoy raisi Si Szinpin uning mamlakatida yaratilgan vaksinalar sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda jahon hamjamiyatining boyligiga aylanishini va’da qilgan. Yana bir yangilik ham Xitoy bilan bog‘liq. Xitoyda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi burun uchun sprey ko‘rinishida ishlab chiqilgan vaksinaning klinik sinovlarini o‘tkazishga ruxsat berildi.  Qayd etilishicha, vaksina Gonkong universiteti laboratoriyasi, Syamen universiteti va Beijing Wantai Biological Pharmacy kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan.

Agentlik axborotiga ko‘ra, bu COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi burun uchun sprey ko‘rinishidagi birinchi vaksina. Dorining odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilishiga Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari nazorati bo‘yicha davlat boshqarmasi ruxsat bergan. Avval China National Biotech Group kompaniyasi Xitoyda ishlab chiqilgan COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi oltita vaksina klinik sinovlar bosqichida ekanini ma’lum qilgandi.

Rossiya poytaxti Moskva shahrida esa dastlabki ko‘ngillilar COVID-19 kasalligiga qarshi vaksinani qabul qildi. Endi kasallik bilan bog‘liq eng so‘nggi raqamlarga o‘tsak. Bugunga kelib kasallik tarqalishini onlayn nazorat qilib boruvchi covidvisualizer.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda kasallikni yuqtirib olganlarning umumiy soni 29 millionda oshgan. Shundan, 21 millionga yaqini tuzalib ketgan bo‘lsa, 900 mingdan ortiq bemor kasallik tufayli vafot etgan.

Kasallikning o‘lim darajasi uch foizni tashkil qiladi. Davlatlar kesimida hamon AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda 6,7 millionga yaqin odam kasallik yuqtirib olgan. Undan keyingi o‘rinlarda Hindiston (4,8 milliondan ortiq) va Braziliya (4,3 milliondan ortiq) davlatlari bormoqda. Darvoqe, Braziliya prezidenti ais Bolsonaru mamlakat koronavirusni deyarli yengganini ma’lum qildi.

“Qahramonlar marshi”

Belarusda 9-avgustda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan xalq o‘sha kundan buyon mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda. Avgust oyi davomida har kuni tashkil etilgan namoyishlar ortidan so‘nggi haftalarda faqatgina yakshanba kunlari yirik namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: “TUT.by”

O‘tgan hafta oxirida, 12–13-sentabr kunlari yirik marshlar bo‘lib o‘tdi. 12-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan marsh “Ayollar marshi” deb nomlangan bo‘lsa, 13-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan marsh “Qahramonlar marshi” deb nomlandi. Butun mamlakat bo‘ylab namoyishlarda bir necha o‘n minglab aholi qatnashdi. Namoyishchilar har bir shaharning markaziy maydonlari va ko‘chalarida yurishlarni amalga oshirdi.

Eng yirik namoyishlar har doimgidek poytaxt Minskda bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Grodno, Brest kabi yirik shaharlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Minskda bugun 400 nafarga yaqin namoyishchi hibsga olingan. Bu haqda mamlakat IIV matbuot kotibi Olga Chemodanova o‘zining Telegram’dagi sahifasida ma’lum qilgan.

Belarusda namoyishlar davom etmoqda.

Yana Navalniy mojarosi

O‘tgan haftada Rossiya prezidenti Vladimir Putinning muxolifati Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Jumladan, Germaniyaning Die Zeit nashri ismini oshkor etmagan manbalariga tayanib xabar berishicha, rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyga “Novichok” zaharining yangi turi bilan suiqasd uyushtirilgan. Mazkur modda avvalgilariga nisbatan xavfliroq.

Navalniyni zaharlagan kishilar uni samolyotda o‘ldirishni maqsad qilgan. Siyosatchi omadli tasodiflar zanjiri sabab omon qoldi — uchuvchining tezkor harakati va samolyotni qo‘ndirishi, shifokorlarning bemorga juda tez atropin dorisini yuborgani shular jumlasidan. Die Zeit’ning yozishicha bunday o‘ta yangi zahar ishtirokidagi operatsiyani faqat Rossiya maxsus xizmatidagilar amalga oshirishi mumkin. Oddiy jinoyatchilar bunday murakkab ishni qila olmaydi, shuningdek, xorij davlatlarining razvedka xizmatlari ham Rossiya hududida murakkab voqeani sahnalashtirishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, sababi Navalniy doimiy ravishda kuzatuvda bo‘ladi.

“Bu haqiqatga yaqinroq shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi: aynan Kreml Navalniyni yo‘ldan chetlatish haqida buyruq bergan”, deyiladi Die Zeit ma’lumotida. Rossiya hukumatining rasmiy vakillari Navalniydan Omskda olingan tahlillar, uning organizmida zahar bo‘lmaganini ko‘rsatgan. Meduza o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, Omskda Navalniyning zaharlangani yuzasidan dastlabki tashxis qo‘yilgan va shu sababli ham unga tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida atropin dorisi yuborilgan.

Buning ortidan Germaniya rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniydan olingan laboratoriya tadqiqotlari namunalari natijalarini Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga (OPCW) topshirdi. Germaniya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Berlin ushbu ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga berish niyatida emas, chunki Rossiya shundoq ham OPCW a’zosi hisoblanadi.

Foto: “Vedomosti”

O‘z navbatida, Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Martin Fitsning ta’kidlashicha, “hozirda kerak bo‘lgan ma’lumot Germaniyada emas, balki Rossiyada mavjud”. Berlindagi Sharite shifoxonasida davolanayotgan Aleksey Navalniy nihoyat o‘ziga keldi. Muxolifatchining sog‘lig‘i bu kabi vaziyatda kutish mumkin bo‘lgan holatdan yaxshi. Navalniy hatto zaharlanishidan oldin sodir bo‘lgan voqealarni ham eslay olgan.

Shifokorlarning fikricha, Navalniyning ruhiy holati deyarli to‘liq tiklangan, jismoniy holatini ham 90 foiz tiklashga muvaffaq bo‘lingan. Shifokorlarning aytishicha, Navalniy uchuvchi samolyotni zudlik bilan Omskka qo‘ndirgani, shuningdek, unga aeroportdayoq atropin yuborilgani sabab omon qolgan.

Hozirda Navalniyning oldiga tashrif buyuruvchilarning kirishiga ruxsat berilgan (bunga qadar uning oldiga faqat shifokorlar va rafiqasi kirib chiqishi mumkin bo‘lgan). Biroq siyosatchi bilan uchrashish uchun uch bosqichli qo‘riqlash tizimidan o‘tish kerak. “Sharite” gospitali qo‘riqlash tizimi Navalniy barchasini eslay olishi aniq bo‘lganidan so‘ng yanada kuchaytirilgan.

The Insider ma’lumotlariga ko‘ra, nemis maxsus xizmatlari Navalniyga tug‘dirilishi mumkin bo‘lgan nafaqat jismoniy xavflardan, balki “Sharite” klinikasi nomini bulg‘ovchi dezinformatsiya hujumiga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bizda hozircha shu. “Daryo”da qoling va jahonda sodir bo‘layotgan yangiliklarni biz bilan kuzating!

Jahongir Ostonov tayyorladi.