O‘zbekiston xufiyona iqtisodiyoti 245 trillion so‘mni yoki YaIMdan umumiy ulushi taxminan 48 foizni tashkil etadi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
“Xufiyona iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillardan biri — bu xarid chekini talab qilmaslik. Bu o‘z navbatida tadbirkorlik subyektlari orasida nosog‘lom raqobat muhitining shakllanishiga olib keladi. Agar har bir iste’molchi tomonidan chek talab qilinsa, xufiyona iqtisodiyot ulushi qisqarishi barobarida, soliqlardan bo‘yin tovlash holatlari kamayib, budjet tushumlari oshib boradi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti rivojlanadi”, — deyiladi xabarda.
Davlat soliq qo‘mitasining eslatib o‘tishicha, sotib olish joylarida chek berish talabi rad etilgan taqdirda, iste’molchi quyidagilarga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega:
- (71) 244−98−98 yoki 1198 raqamli “ishonch telefoni”ga;
- Soliq mobil ilovasidagi Soliq hamkor bo‘limi orqali;
- DSQning Telegram boti orqali;
- Elektron soliq xizmatlari portali (my.soliq.uz) orqali.