O‘zbekistonlik yarim himoyachi Odil Ahmedov “Shanxay SIPG”ni tark etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi sardori faoliyatini Xitoyning boshqa bir klubi “Tyanszin Teda”da davom ettiradi.
Avvalroq “Shanxay SIPG” Avstraliya terma jamoasi yarim himoyachisi Aaron Muyni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Legionerlar qo‘yilgan cheklov Ahmedovning ketishiga asosiy sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
“Tyanszin Teda” Xitoy chempionatining B guruhida 9-turdan keyin bor-yo‘g‘i bir ochko to‘plagan holda so‘nggi, 8-o‘rinda bormoqda.
Ahmedov 2017-yildan buyon shanxayliklar safida to‘p surib kelardi. Odil 2020-yilgi mavsumda Xitoy Superligasida 8 o‘yin o‘tkazib, bitta golga mualliflik qildi.
Ahmedov faoliyati mobaynida “Paxtakor” (2006—2011), “Anji” (2011—2014) va “Krasnodar” (2014—2016) kabi jamoalarda harakat qilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!