Amerikalik dijey, prodyusser va I like to move it xiti ijrochisi Erik Morillo Mayami-bich kurort shahridagi uyidan o‘lik holda topildi. Meduza’ning yozishicha, 49 yoshli ijodkorning o‘limi sababi hozircha noma’lum.

Foto: Brooklyn Vegan

Ta’kidlanishicha, Morillo avgustning boshida nomusga tegganlikda ayblanib hibsga olingan. Keyinroq u garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan. 4-sentabrda ishi sudda ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Morillo uch marta eng yaxshi xalqaro dijey va uch marta stil-haus uslubida ijod qiluvchi dijey sifatida DJ Awards mukofotini qo‘lga kiritgan. U tomonidan 1993-yilda Reel to Real loyihasi uchun yozilgan I like to move it singli o‘n yillikning eng yaxshi raqsbop treklari ro‘yxatidan bir necha marta o‘rin olgan.