Toshkent shahridagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish ishlari doirasida avtotransport vositalarining Yangi Qo‘yliq ko‘chasidan Farg‘ona yo‘li ko‘chasiga harakatlanishi vaqtinchalik cheklangan. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar qildi.

Foto: “Toshshahartransxizmat”

Qayd etilishicha, rekonstruksiya qilish ishlari munosabati bilan yo‘lovchilar tashish uzluksizligini ta’minlash maqsadida ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar, 2020-yil 25-avgustdan boshlab 37-sonli Mahalliy Aeroport-3—Toshkent MUM va 55-sonli Toshkent quvur zavodi—Istiqlol ko‘chasi avtobus yo‘nalishlarining shahar markazi tomon harakatiga o‘zgartirish kiritiladi.

Unga ko‘ra, avtobuslar yo‘nalishining Yangi Qo‘yliq ko‘chasidagi “2-oilaviy poliklinika” bekatidan so‘ng Fayziobod 9-tor, Fayziobod, Fayziobod 4-tor, Beshkent, Oqbilol 4-tor, Oqbilol ko‘chalari, Farg‘ona bozori ko‘prikosti yo‘li, Farg‘ona yo‘li hamda Jarqo‘rg‘on ko‘chalari chorrahasi, Farg‘ona bozori ko‘prik yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari orqali keyingi harakatini davom ettirishi ma’lum qilingan.

Avvalroq Toshkentda 22 ta avtobus yo‘nalishi harakatiga o‘zgartirish kiritilgan va 3 ta yo‘nalish yopilgani haqida xabar berilgandi.