Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hamda poytaxt aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri “Mashinasozlar” metro bekati—Bo‘stonliq “Yusufxona qo‘rg‘oni” yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qilgan.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

“Mazkur yo‘nalishda qatnovning tashkil etilishi bilan dam olish kunlari tog‘ yonbag‘rida maroqli hordiq chiqarish istagida bo‘lgan Toshkent aholisi uchun Bo‘stonliq tumaniga qulay sharoitda borib kelish imkoniyati yaratildi.

Avtobus yo‘nalishining masofasi bir tomonga sal kam 83 kilometrni tashkil etadi. Avtobuslar ushbu masofani 1 soat 35 daqiqada bosib o‘tadi. Ushbu yo‘nalishga Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli “Toshkent viloyati shaharlararo yo‘lovchi tashish avtosaroyi” MChJ tomonidan zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan Yutong avtobuslarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Harakatlanish jadvaliga muvofiq, bir kunda 18 ta qatnov amalga oshiriladi. Har kuni soat 06:00 da ilk avtobus “Mashinasozlar” metro bekatidan yo‘nalishga chiqadi. Kun davomidagi oxirgi avtobus “Yusufxona qo‘rg‘oni”dan soat 20:55 Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqadi”, — deyiladi xabarda.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Ushbu yo‘nalishda yo‘l haqi 10 000 (o‘n ming) so‘m etib belgilangan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni Bo‘stonliq tumanida turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishgan va shu kuni tumanda tashkil qilinadigan Bildirsoy—Chimyon—Nanay xalqaro kurorti haqidagi mulohazalarini bayon etgandi.

Shu kuni davlat rahbari tomonidan hududni to‘liq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga parallel ravishda yangi tajriba tariqasida Bo‘stonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklash xususida taklif  bildirgan.