Anchagina asabiy tarzda o‘tayotgan avgust oyining uchinchi haftasi ham o‘z yakuniga yetdi. Xo‘sh, bu haftada dunyoda qanday voqealar yuz berdi? “Daryo” o‘tgan haftaning eng muhim xabarlari sharhini e’tiboringizga havola etadi.

Lukashenko “bosh og‘rig‘i”

Belarusda 9-avgustda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlari bu hafta ham to‘xtagani yo‘q. Namoyishlarning eng yirigi 16-avgust kuni o‘tkazildi va u “Ozodlik marshi” deb nomlandi. Bu Belarusda bo‘layotgan namoyishlarning eng ko‘p odam to‘plangani bo‘ldi. Shu kuni Minsk ko‘chalarida 250 mingga yaqin odam to‘plandi. 17-avgust kuni muxolifat lideri Svetlana Tixanovskaya navbatdagi videomurojaatida milliy yetakchi bo‘lishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Telegram

“Sizlar menga o‘z ovozingizni berdingiz, men buni juda qadrlayman, buni nima sababdan amalga oshirganingizni juda yaxshi bilaman. Barchamiz 26 yil oldin kirib qolgan ushbu cheksiz halqadan chiqishni istaymiz. Men mamlakat tinchlanishi, normal hayot tarziga qaytishi, barcha siyosiy mahbuslarni ozod etish va qisqa muddat ichida yangi prezidentlik saylovlari uchun qonunchilik bazasi va sharoitlarini yaratishda mas’uliyatni o‘z zimmamga olib, mazkur davrda milliy yetakchi sifatida chiqishga tayyorman”, degan u o‘z murojaatida. Shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridagi shaharlarda Belarusdagi prezidentlik saylovlarining natijalariga qarshi namoyishga chiqqan belaruslarni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari o‘tkazilmoqda.

O‘tgan haftada Belarusning saylovlarda g‘olib chiqqan prezident Aleksandr Lukashenko Minskdagi bir qator zavodlarga tashrif buyurdi. Jumladan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 17-avgust kuni tongda Minskdagi G‘ildirakli shatakchilar zavodi (MZKT) ishchilari oldida chiqish qildi. Korxona xodimlari prezidentni “Ket!” va “Qo‘yib yubor!” deya hayqirib kutib oldi. Buni Belarus muxolifatining Nexta Live Telegram kanalida ko‘rish mumkin. “Rahmat, — dedi Lukashenko, korxona ishchilari oldida ikkita harbiy shatakchining ustida turarkan. — Bu savolingizga ham javob beraman: yana baqirishingiz mumkin”.

Zavod xodimlari bilan muloqot vaqtida Lukashenko Belarusda hokimiyat vakolatlarini qayta taqsimlashni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar ustida ish olib borilayotganini aytgan. Lukashenkoning ta’kidlashicha, u prezidentlik vakolatlari bilan bo‘lishishga tayyor, faqat bu “bosim ostida va ko‘cha orqali” bo‘lmasligi kerak. Lukashenkoning ma’lum qilishicha, Belarusda yangi prezident saylovi o‘tkazilmaydi. “Meni o‘ldirmaguningizgacha, yangi saylovlar bo‘lmaydi”, deya Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Tut.by”.

O‘tgan haftada, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Belarus tomon Rossiya Milliy gvardiyasining o‘nlab harbiy texnikalari harakatlanayotgani qayd etilgan videolar tarqaldi. Lukashenko zavodlar bo‘ylab o‘z obro‘sini tiklash bilan ovora bo‘lib yurganda Yevropa Ittifoqi davlatlari ham jim turmadi.  Yevropa parlamentining yetakchi partiyalari rahbarlari Belarusda yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik holatlarini tergov qilishga va siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi.

Foto: “TASS”

Yevroparlament deputatlari Aleksandr Lukashenkoni persona non grata deb e’lon qildi. Shuningdek, Kanada va Irlandiya Belarusdagi saylov natijalarini tan olmasliklarini e’lon qildilar.  Ortidan Yevroittifoq ham saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. Belarusda hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazishni amalga oshirish maqsadida muxolifat tomonidan tuzilgan Muvofiqlashtiruvchi kengashi prezidiumi shakllantirildi. Lukashenko esa o‘z navbatida ushbu kengashni tuzishni hokimiyatni egallashga bo‘lgan urinish deb baholadi.

Bir qator diplomatlar norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqdi. Jumladan, Belarusning Slovakiyadagi elchisi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida iste’foga chiqqanini e’lon qildi. 20-avgustda muxolifatning Muvofiqlashtiruvchi kengashiga qarshi Belarus prokuraturasi jinoiy ish ochganini e’lon qildi.

Kengash a’zolarining uch nafari tergovga chaqirildi. Ular  yurist Maksim Znak, sobiq diplomat Pavel Latushko va MTZ ish tashlash qo‘mitasi raisi Sergey Dilevskiylardir. Shuningdek, Minskdagi katta zavodlar ishchilarining ish tashlashlari kuzatildi. Hafta boshida ular ommaviy tus olgan bo‘lsa, haftaning oxiriga kelib ancha susayib qoldi.

Uning ortidan Svetlana Tixanovskaya videomurojaat yo‘llab, ishchilarni ish tashlashda davom etishga chaqirdi.

21-avgust kuni Svetlana Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan kunidan buyon ilk bor matbuot anjumani o‘tkazdi.

Mana bu video orqali matbuot anjumanini to‘liq tomosha qilishingiz mumkin:

Shuningdek, Tixanovskaya hammani shoshirgan bir bayonot berdi. U agarda qayta saylovlar tashkil etilsa, nomzodini ilgari surmasligini aytib o‘tdi.

Belarusdagi navbatdagi yirik namoyish 23-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. U “Yangi Belarus marshi” deb nomlandi. Namoyishlarda 100 mingdan ortiq namoyishchi ishtirok etgani xabar qilindi.

Isyonkor harbiylar

Bir necha oydan buyon Malida davom etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari harbiylar isyoni bilan davom etdi va prezidentning iste’fo berishigacha bordi.

Harbiylar isyoni 18-avgust kuni poytaxt Bamako yaqinida joylashgan Kati bazasida boshlangan edi. Isyonchilar harbiy omborda saqlanayotgan qurollarni egallagan, ofitserlarni qo‘lga olgan, shundan so‘ng Bamakoga borib, prezident qarorgohini qamalga olgan. Askarlar butun shaharni nazorat qilayotganliklarini namoyish etish maqsadida Bamako ko‘chalari bo‘ylab erkin harakatlana boshlagan. ORTM telekanali ma’lum muddat efirni to‘xtatgan, so‘ng avvaldan yozib olingan dasturlarni namoyish eta boshlagan.

Askarlarning harakatlari iyundan beri prezident iste’fosini talab qilayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari ishtirokchilari tomonidan olqishlangan — namoyishchilarning fikricha, prezident Keyta korrupsiya muammosini hal qila olmagan va mamlakat xavfsizligini ta’minlay olmagan. Isyonni qo‘llab-quvvatlagan M5-RFP muxolifat koalitsiyasi “bu harbiy to‘ntarish emas, balki xalq qo‘zg‘oloni” ekanini ma’lum qilgan. Norozilik namoyishi ishtirokchilari Mali Adliya vazirligiga tegishli binoni yoqib yuborgan.

Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 19-avgustga o‘tar kechasi iste’foga chiqdi hamda mamlakat hukumati va parlamentini tarqatib yubordi. Bu qurollangan harbiylar prezidentni bosh vazir Bubu Sisse va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan birga qo‘lga olganidan so‘ng yuz berdi. Mali prezidenti ORTM telekanali orqali qisqa murojaat bilan chiqish qildi (murojaat vaqtida titrda “ketayotgan prezident” degan yozuv ko‘rsatilgan). Keyta iste’fo haqidagi qaror — uning prezidentlik vakolatlari yakuniga yetishiga hali uch yil bo‘lsa-da — hozirdanoq kuchga kirganini ma’lum qildi. “Men hokimiyat tepasida qolishim uchungina qon to‘kilishini istamayman”, dedi Keyta.

Foto: AP Photo

Prezidentning iste’fosidan so‘ng isyon qatnashchilari davlat televideniyesi orqali chiqish qilgan. Ular Xalqni qutqarish milliy qo‘mitasi tuzilganini e’lon qildi. Mali harbiy-havo kuchlari shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Vagening so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘mita “millat va tarix oldida mas’uliyatni o‘z yelkasiga olishga qaror qilgan”. U “maqbul muddatlar”da Malida saylovlar bo‘lib o‘tishini bildirgan.

BMT, Fransiya, AQSh va boshqa mamlakatlar Malida prezidentning qo‘lga olinganini qoraladi. BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish, shuningdek, Afrikaning 55 ta mamlakatini birlashtiruvchi Afrika Ittifoqi Keyta va qo‘lga olingan boshqa shaxslarni ozod etishga chaqirdi. G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) Malining tashkilot boshqaruv organlaridagi ishtirokini to‘xtatib qo‘ydi. Shuningdek, tashkilot Mali bilan barcha chegaralarni yopishga hamda EKOVAS a’zo mamlakatlar va Mali o‘rtasidagi har qanday moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi.

Navalniyni zaharlashdi!

20-avgust kuni dunyo matbuot nashrlarining nigohi Rossiyaning Omsk shahriga qaratildi. Sababi shu kuni bortida Rossiya muxolifatining yetakchisi Aleksey Navalniy bo‘lgan samolyot Omsk shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning ahvoli Tomsk—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan reys vaqtida og‘irlashib qolgan. Navalniy tez yordam mashinasida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga olib ketilgan. Bu haqda uning matbuot kotibi Kira Yarmish o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

“Bugun ertalab Navalniy Tomskdan Moskvaga qaytayotgan edi. Parvoz vaqtida uning ahvoli og‘irlashdi. Samolyot Omskka favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Alekseyda toksik zaharlanish. Hozirda u bilan shifoxonaga ketyapmiz”, deb yozadi Yarmish.

Keyinroq u siyosatchining choyiga nimadir qo‘shib zaharlashgan bo‘lishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi. “U ertalabdan beri faqatgina choy ichgandi. Shifokorlarning aytishicha, zahar issiq suyuqlik orqali tez so‘rilib ketgan. Hozirda Aleksey hushsiz yotibdi”, deydi Yarmish. Ta’kidlanishicha, Navalniy reanimatsiyaga joylashtirilgan.

Foto: “Zn.ua”

“Tayga.info” ma’lumotlariga ko‘ra, Navalniy bir necha kundan buyon Sibir viloyatlarida bo‘lgan. Avvaliga u Novosibirskka kelib, yangi surishtiruv ishlari uchun material to‘plagan, shuningdek, volontyorlar bilan uchrashgan. Shundan keyin siyosatchi Tomskka yo‘l olgan.

Shu kuni keyinroq Aleksey Navalniy og‘ir ahvolda joylashtirilgan Omsk shahridagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari Anatoliy Kalinichenko siyosatchining ahvoli to‘g‘risida ma’lumot bergan.

“Bemorning ahvoli barqaror, intensiv terapiya davom etmoqda. Kasallik tashxisi borasida oldinga siljidik. Qon, bosh miya, boshqa organ va tizimlar ishiga oid o‘nlab natijalarni olindi. Davolash ishlari davom etmoqda, yaxshiyamki bizda bu kabi bemorlarni davolashga ixtisoslashgan markaz bor. Shifokorlar nafaqat barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, balki rostan ham uning hayotini saqlab qolish bilan shug‘ullanyapti”, degan Kalinichenko.

Dastlab qonida zahar topilgani aytilgan, keyin esa bu bayonotdan voz kechilgan hamda uning qonida zahar borligi haqidagi xabarlar rad etilgan. Bemorning yaqinlari uni Germaniyadagi shifoxonaga ko‘chirishni talab qilgan. Biroq Aleksey Navalniy yotgan Omsk shahridagi 1-sonli kasalxona bosh shifokori siyosatchini Germaniyadagi klinikaga ko‘chirishga ruxsat berishdan bosh tortgan.

“Navalniyni boshqa kasalxonaga ko‘chirishga qo‘yilgan taqiq uning hayotiga xavf tug‘dirmoqda. Omskdagi shifoxonada tashxis qo‘yilmagan va kerakli uskunalarsiz qolish — hozirgi vaziyatda halokatli”, deb yozadi Yarmish. U shifokorlar tomonidan qo‘yilgan taqiqni Navalniyning “hayotiga suiqasd” deb atagan. Matbuot kotibining fikricha, mazkur qarorni shifokorlar emas, balki Kreml qabul qilgan.

Foto: “Kommersant”

Keyinchalik, Navalniyning Germaniyaga ko‘chirilishiga ruxsat berilgan. Qaror siyosatchining rafiqasi ham ishtirok etgan konsiliumda qabul qilingan. Omskdagi shifoxona bosh shifokorining o‘rinbosari Anatoliy Kalinichenkoning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar “zaharlanish tashxisini qat’iy istisno qilgan”.

“Bizning tashxisimiz asoratlar bilan birga Navalniyning holatini tushuntiradi. Aniqlangan qandaydir preparat haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Bizda bunday hujjat yo‘q. Peshobda va qonda aniqlanmagan. Klinik belgilar bu modda bilan zaharlanishga mos kelmaydi”, deya ta’kidlagan shifokor. Shifoxona bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiyning ma’lum qilishicha, Navalniyning qoni va peshobida uning qo‘lida va kiyimida topilgan kimyoviy birikmaning izlari aniqlanmagan.

22-avgust kuni bortida Navalniy bo‘lgan tibbiy samolyot Germaniyaga uchib ketdi va bir necha soatdan so‘ng yetib bordi. U Berlindagi Charite shifoxonasiga yotqizildi. U Berlinga yetib borganda hamon koma holatida edi.

Koronaxabarlar

Nihoyat koronaxabarlarga ham yetib keldik. O‘tgan hafta davomida ham koronavirus butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etdi. Bir qator davlatlar karantin cheklovlarini yana kuchaytirishga qaror qildi. Fransiyada kunlik kasallanishlar soni oxirgi uch oyda yana o‘sishni boshladi.

Finlandiya 10 mamlakatdan keladigan fuqarolar uchun mamlakatga kirishni cheklashga qaror qildi.  Cheklovlar Norvegiya, Daniya, Islandiya, Germaniya, Gretsiya va Malta, Irlandiya, San-Marino, Yaponiya va Kiprdan kelgan sayohatchilar uchun amal qiladi va 24-avgustdan boshlab kuchga kiradi.

Shuningdek, Finlyandiyaning Turku va Shimoliy Makedoniya poytaxti Skopye o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘xtatilishi mumkin. Qayd etilishicha, koronavirusga chalinganlarning 40 nafardan ortig‘i ushbu reys bilan Finlyandiyaga kelgan.

Foto: Global Look Press

Italiya va Turkiya kabi davlatlar kasallar soni ortgani sababli karantin cheklovlarini qaytadan kuchaytirishga qaror qilishgan.

Shuningdek, Xitoyda koronavirusga qarshi ilk vaksina patentlandi. Patent Xitoy xalq ozodlik armiyasining Harbiy tibbiyot fanlar akademiyasi hamda CanSino Biologics kompaniyasi nomiga berilgan. Ular birgalikda COVID-19’ga qarshi kurashda foydalaniladigan rekombinant (Ad5-nCoV adenovirus vektoriga asoslangan) vaksinani yaratdi. Avval iyun oyida mazkur vaksinadan harbiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat olingandi. Undan oldinroq martda ushbu vaksinani sinash maqsadida Xitoyda klinik testlar o‘tkazilishiga ruxsat etilgandi.

Bugungi kunda dunyoda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 23 milliondan oshiq kishini tashkil qilmoqda. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni esa 810 mingdan oshib ketgan bo‘lsa, undan sog‘ayganlar soni 16 millionga yaqinlashmoqda.

Davlatlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda kasallikni yuqtirib olganlar soni 5,8 milliondan oshiq. Undan keyingi o‘rinda Braziliya (3,5 milliondan ortiq) va Hindiston (3 milliondan ortiq) davlatlari bormoqda.

Jahongir Ergashev tayyorladi.