Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakatda saylovlar qayta o‘tkaziladigan bo‘lsa, prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: “RIA Novosti”

“Prezidentlikka nomzodimni qo‘yishni rejalashtirmayapman”, — deydi Tixanovskaya.

Shuningdek, u Belarusdagi inqirozni bartaraf etishga xorij davlatlari aralashmasligi kerakligini qayd etgan. “Ushbu masala mamlakat ichida, boshqalar aralashuvisiz hal etilishi lozim”, — deya ta’kidlagan Tixanovskaya.

“Muvofiqlashtiruvchi kengash aynan shu sababli tuzilgan bo‘lib, u inqirozni bartaraf etish va tinchlik muzokaralarini o‘tkazishda vositachi rolini bajaradi. Bu esa barchamizga yangi adolatli va shaffof saylovlarni tashkillashtirishimizga yordam beradi. Barchasi mamlakat ichida hal etilishi kerak”, — deydi Tixanovskaya.

Avvalroq Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya Yevropa Kengashiga videomurojaat bilan chiqib, Yevropa yetakchilaridan Belarusdagi saylov natijalarini tan olmaslikni so‘ragandi. Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini tan olmasligi ma’lum qilindi. Shuningdek, Yevroittifoq Belarus fuqarolariga yordam berish uchun 53 million yevro mablag‘ ajratadi.

Eslatib o‘tamiz, Belarus muxolifati Lukashenkoning takroriy prezident saylovlarida qatnashishiga xalal bermaslikka va’da bergandi.