GM Uzbekistan monopoliyasi ostidagi narxlar to‘g‘risida tortishuvlar bu hafta yana davom etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Avtomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirish zarur”, deya tavsiya berdi. Assalomu alaykum. Dayjestimizni boshlaymiz.
Garchi koronavirus haqidagi xabarlar endi saytlarning eng yuqorisida turmayotgan bo‘lsa-da, hamon diqqat bilan kuzatilmoqda. Darhaqiqat, koronavirus yuqish holatlari kamayayotganligini quvonch bilan urg‘ulasak bo‘ladi. Masalan, 21-avgust kuni yurtimizda 381 kishida koronavirus aniqlandi. Bu 1,5 oy ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. Kunlik o‘lim holatlari 5-7 nafarni tashkil qilyapti.
O‘zbekistonda koronavirus bemorlarini davolayotgan shifokorlar 20-avgustdan boshlab kunbay ish tartibiga o‘tkazildi. Ular besh oydan beri 14 kunlik “vaxta” usulida ishlayotgan edi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov uch hafta davomida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanib ishga qaytdi va germaniyalik mutaxassislar bilan virusga qarshi kurashish masalasida muloqot o‘tkazdi. Bu orada Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov ham tuzaldi. Ammo 25-iyuldan beri koronavirusdan davolanayotgan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov vafot etdi.
* * *
Jurnalist Bobomurod Abdullayev ozod qilindi. U 8-avgust kuni Qirg‘izistonda qo‘lga olinib, keyinroq O‘zbekistonga yuborilgan edi. Bobomurod Abdullayev 22-avgust kuni xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi to‘g‘risidagi tilxatga asosan qo‘yib yuborildi. Jurnalist prezidentga videomurojaat yo‘llab, minnatdorlik bildirdi va vatan hamda xalq xizmatida bo‘lish uchun bor bilim va tajribasini safarbar etishga tayyorligini aytdi. Avvalgi hibsdagidan farqli holda bu safar DXX xodimlari unga yaxshi munosabatda bo‘lganligini ham aytdi.
* * *
UzAutoMotors monopoliyasi ostida ezilgan mijozlar bu hafta kun ko‘rishdan sal-pal umid qilgan edi. Biroq deputatlar puflab yaltiratgan cho‘g‘ yuziga ham zumda kul tortildi. Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha tushirish uchun ancha-muncha jonbozlik ko‘rsatib, maqsadga erishay, deb turgan edi. Shundan keyin Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan UzAuto Motors AJga qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Ammo UzAutoMotors avtomobillar narxi asosli ekanini va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsizligini ma’lum qildi. Shunday qilib, “bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma” shundayligicha qolib ketdi.
* * *
“O‘zavtosanoat” AJ qancha foyda olishini bilasizmi? Korporativ axborot yagona portali ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati 2019-yil yakuni bo‘yicha 431 milliard 202 million so‘m miqdorda sof foyda olgan. Bundan 215,6 milliard so‘m taqsimlanmagan holda qoldiriladi. 21,6 milliard so‘mi zaxira fondiga yo‘naltiriladi. Yana shuncha pul homiylik va xayriya jamg‘armasi fondiga ketadi. 43,1 milliard so‘mi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladi. 129,4 milliard so‘m dividend to‘loviga, budjetga yo‘naltiriladi. Bunda dividendlar to‘lash muddati penya va foizlar hisoblamasdan 2020-yil 31-dekabrgacha belgilanadi.
* * *
Afg‘onistonlik jangarilarning otgan o‘qi o‘zbekistonlikka tegdi. 20-avgust kuni Afg‘onistonning Balx viloyatida “So‘g‘diyona trans” sho‘ba korxonasi vakillariga qurolli hujum sodir etildi. Korxona “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga kiradi. Hujum oqibatida korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari jarohat oldi, ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash batalyoni askari va bir nafar hujum qilgan noma’lum shaxs) halok bo‘ldi. Jarohat olgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan telefon orqali gaplashib, Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘radi.
* * *
O‘zbekistonda korrupsiya jinoyatlari haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti beriladi.
Birinchidan, korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari.
Ikkinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar; uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar; og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n baravar; o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar.
Uchinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n baravar; uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar; og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar; o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar.
To‘rtinchidan, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi: ancha miqdor (BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha) uchun ‒ o‘n besh foizi; ko‘p yoki juda ko‘p miqdor (BHMning 300—500 baravarigacha hamda 500 baravar va undan ko‘p) uchun ‒ o‘n foizi.
Dayjestimiz o‘quvchilariga “Korrupsiyani fosh eting va boy bo‘ling”, deb qolamiz.
* * *
Haftaning eng shov-shuvli videosi Andijon hokimi qizining tug‘ilgan kunini nishonlashi bo‘ldi. Xonanda Munisa Rizayeva Andijon hokimning kichik qizi 19 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan oilaviy marosimda xizmatda bo‘ldi. Shuhratbek Abdurahmonov kattakon tortni kesdi, sevimli qiziga Gentra avtomobili sovg‘a qildi. Ijtimoiy tarmoqlar esa marosimda 30 kishi qatnashganmi, yo‘qmi, deb muhokama qildi.
* * *
Avgust boshlaridan Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish qiyinlasha borishi bilan internet foydalanuvchilarimiz yoppasiga VPN-ilovalarni o‘rnatishni boshlagandi. Ammo bu hafta “buyuk devor” yo‘q bo‘lib, Facebook va Instagram risoladagidek ochila boshladi. Biroq yurak oldirib qo‘ygan tarmoq foydalanuvchilari VPN-ilovalarni o‘chirishga shoshilmayapti. Shu munosabati bilan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov quyidagi tvitini yozdi.
Shu pozitiv nuqtada dayjestimizni yakunlaymiz. Eng so‘nggi yangiliklarni “Daryo”da o‘qing. Karantin qoidalariga rioya qiling.
Izoh (0)