Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi mamlakat prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskayaga nisbatan suiqasdning oldini oldi. Bu haqda tashkilot rahbari Valeriy Vakulchik ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: “RBK”

Vakulchikning so‘zlariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Tixanovskayaning shtabidan uning hayotiga nisbatan xatar haqida xabar olgan. Shuningdek, mamlakat Ichki ishlar vazirligining ekstremizm bilan kurash yo‘nalishiga ham shu mazmunda xabar kelib tushgan. Vakulchik xabarning jo‘natuvchisi aniqlangani va u tez orada qo‘lga olinishini aytgan.

DXQ rahbarining bildirishicha, prezident Aleksandr Lukashenkoning topshirig‘iga asosan Tixanovskayaning shtabini qo‘riqlash uchun 120 kishi jo‘natilgan.

Lukshenko 10-avgust kuni ertalab tayyorlanayotgan provokatsiya haqida tezkor ma’lumot kelganidan keyin Tixanovskayaning shtabi qo‘riqlovga olinganini ma’lum qilgan.

Tixanovskayaning shtabi esa namoyishlar chog‘ida himoya so‘rab murojaat qilmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Poytaxt Minskda prezident saylovidan keyingi norozilik namoyishi boshlangan. Ishtirokchilarini tarqatib yuborish uchun militsiyaning maxsus bo‘linmasi rezina o‘qlardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida respublikaning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 80,23 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 9,9 foiz ovoz olgan.

Keyinroq Svetlana Tixanovskaya o‘tkazilgan saylovlarda o‘zini g‘olib deya hisoblashini ma’lum qildi va Lukashenkoga muzokaralar o‘tkazish taklifini berdi. Shuningdek, u saylovlarning natijasi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga norozilik bildirdi.