Hindistonning Karipur shahrida Air India aviakompaniyasi samolyoti xavfli qo‘nishni amalga oshirishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 kishiga yetdi. Bu haqda Hindustan Times xabar bermoqda. Jabrlanganlar soni 140 kishidan oshgan.

Foto: EPA

Nashrning Hindiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (DGCA)ga tayanib yozishicha, samolyotning Kojikode aeroportiga qo‘nishi vaqtida kuchli yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lgan. Samolyot katta tezlikda qo‘nish chizig‘idan tashqariga chiqib ketib daraga qulagan va ikkiga bo‘linib ketgan.

Samolyot bortida 191 kishi bo‘lgan. Reysda koronavirus pandemiyasi tufayli BAAda qolib ketgan hindistonliklar olib kelinayotgan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, hodisa 7-avgust kuni sodir bo‘lgan. Voqea joyidan olingan suratlar va videoda samolyot korpusining qisman vayron bo‘lgani aks etgan.

Avvalroq Pokistonda PIA kompaniyasiga tegishli samolyot 22-may kuni qo‘nish vaqtida turar joy mavzesiga qulagani haqida xabar berilgan edi. Bortda bo‘lgan 97 kishi halok bo‘lgan. Yerda bo‘lgan taxminan 10 kishi turli darajada tan jarohati olgan, ulardan biri aviahalokatdan bir necha kun o‘tib vafot etgan.

Shu bilan birga, samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilardan ikki nafari tirik qolgan. Keyinchalik bu boradagi tergovning dastlabki natijalari e’lon qilingan. Dastlab samolyotning qo‘nish uchun qilgan birinchi urinishida dvigatel zarar ko‘rgani, dispetcherlar ekipajni bu haqda ogohlantirmagani oydinlashgan.