Yerga eng yaqin sayyora bo‘lgan Mars kosmik eraning eng avvalidanoq dastlabki sayyoralararo kosmik stansiyalarning birlamchi parvoz manzili sifatida qarala boshlangan. Mars tomon uchirilishi rejalashtirilgan “Mars-6” missiyasiga 1973-yil 5-avgust kuni start berilgan edi. “Daryo” sana munosabati bilan qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.

Foto: Google Photos

Yaqindagina Mars sari BAAning “al-Amal” avtomat kosmik stansiyasi yo‘l olganini xabar qilgan edik. Bu bilan endilikda arablar ham kosmik poygaga qo‘shildi. Umuman olganda, shu kunlarda ketma-ket ravishda avval Xitoy, keyinroq esa AQSh ham qo‘shni sayyoraga o‘z kosmik apparatlarini yo‘lladi. Ushbu ketma-ket startlardan mazkur mamlakatlarning har biri o‘ziga xos maqsadlarni ko‘zlagan, shunga qaramay, Qizil sayyorani tadqiq qilish borasida mazkur harakatlarni yangilik deb bo‘lmaydi.

Sayyoraga kosmik zondlar yo‘llash va uning orbitasidan va sirtidan turib tadqiq qilish borasidagi ilk loyihani SSSR boshlab bergan. Sovet Ittifoqining “Mars” nomli kosmik dasturi 1962-yilda boshlangan edi va unga ko‘ra, olimlar Marsga orbitadan turib ishlaydigan apparat bilan birga uning sirtiga ohista qo‘nib, keyin esa o‘zi harakatlanib ishlaydigan rover – marskezar ham tushirish reja qilingan. Shu maqsadda sovetlar 1962–1973-yillar mobaynida Mars tomon yetti bora apparat uchirgan bo‘lib, ulardan biri – “Mars-6” missiyasi 1973-yilning 5-avgust sanasida startga chiqqan edi.

SSSRning “Mars” dasturi doirasidagi urinishlarini unchalik ham muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Missiyalarda ko‘zda tutilgan jihatlardan biri (balki asosiysi) – sayyora sirtiga o‘ziyurar apparat qo‘ndirish rejasi faqat bir marta – “Mars-3” missiyasi davomida qisqa muddatga uddalangan xolos. O‘shanda ham marskezar sayyora sirtida 14 soniya davomida ishlab, bir necha suratni Yerga yuborgan (ayrim manbalarda u 20 soniya ishlagan deyiladi).

Shunga qaramay, o‘sha Mars missiyalari tarixda eng birinchi sayyoralararo missiya sifatida qayd etilgan va Mars sirtiga ilk bora odam qo‘li bilan yasalgan narsalarni eltib qo‘ygan. Missiyaning “Mars-4”, “Mars-5”, “Mars-6” va “Mars-7” loyihalari deyarli bir paytda, ketma-ket (1973-yilning 21-iyuli va 9-avgusti oralig‘ida) Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan parvozga chiqqan bo‘lib, shu sababli ham ular manzilga deyarli bir vaqtda yetib borgan. Ulardan “Mars-4” va “Mars-5” apparatlari sayyora orbitasidan turib aloqani ta’minlashi kerak, “Mars-6” va “Mars-7” apparatlari esa uning sirtiga marskezar tushirishi ko‘zda tutilgan edi.

Foto: Google Photos

Biroq “Mars-4” dvigatelidagi nosozlik tufayli tormozlanish sistemasini ishga tushira olmay, sayyora yaqinidan katta tezlikda uchib o‘tib ketgan va atigi bitta surat jo‘natish bilan kifoyalangan; “Mars-5” ham shunga o‘xshash qismatga duchor bo‘lgan: uning energiya zaxirasi tezkor tugab qolgan va Marsning janubiy qutbiga oid kam sonli suratlarni yuborgan xolos.

Qo‘shni sayyoraga yana bir marskezar qo‘ndirishi lozim bo‘lgan “Mars-7” ham “Mars-4” singari xatoni takrorlab, hatto orbital barqarorlikka ham erisha olmasdan sayyora sirtida 1 300 kilometr naridan shoshilinch uchib o‘tib ketgan. Shu jihatdan qaraganda missiya doirasida faqat biz hikoya qilayotgan “Mars-6” missiyasi nisbatan muvaffaqiyatli chiqqan deyish mumkin. Uni “Proton-K” eltuvchi raketasi koinotga olib chiqqan edi.

Start massasi 3,8 tonna (shundan 589 kilogramm yoqilg‘i) bo‘lgan bu sayyoralararo stansiya bortida ham Marsga ohista qo‘nishi kutilgan rover bo‘lgan. Apparat bortiga o‘rnatilgan ilmiy asbob uskunalarning umumiy vazni esa atiga 135 kilogramm edi xolos. Ushbu ilmiy uskunalarga, jumladan, televizion kameralar, mass-spektrometr, shamol yo‘nalishi va tezligini aniqlaydigan asbob (flyuger), termodatchiklar kirgan.

1974-yilning mart oyi boshida Marsga yetib borgan apparat 12-mart kuni Mars atrofidagi barqaror orbitani egalladi va marskezarni tushirishga tayyorgarlik boshlandi. Apparat Mars atmosferasiga kirgach, parashyut vositasida sho‘n‘gishni boshladi va jami besh daqiqa 15 soniya davomida sho‘ng‘ib, yo‘l-yo‘lakay atmosfera tarkibi, zichligi va haroratiga aloqador ma’lumotlarni uzatib bordi. Biroq hozirgacha noma’lum sababga ko‘ra, “Mars-6” missiyasining marskezari ham sayyora sirtiga qo‘nishda muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqdi va qaytib aloqaga chiqmadi.

Foto: Wikipedia

Katta ehtimol bilan u qattiq zarb bilan urilishi oqibatida pachoqlanib ketgan bo‘lsa kerak deb qaraladi. Ushbu omadsizlikdan keyin sovet olimlari Marsga apparat qo‘ndirish borasida boshqa urinishlardan voz kechdi va asosiy e’tiborni Veneraga qaratishdi. Marsga qo‘nish va bevosita uning sirtidan panorama suratlarni olishni esa keyinchalik Amerika marskezarlari uddaladi. 1975-yilda uchirilgan AQShning Viking apparatlari Mars sirtida muvaffaqiyatli ish olib borgan ilk apparatlar sifatida tarixga kirdi.

Shunga qaramay, “Mars-6” missiyasining ham ba’zi ilmiy natijalari tarixan birinchi bo‘lganini e’tirof etish lozim. Aynan shu missiya ilk bora Mars atmosferasi parametrlari haqida aniq axborotlarni jo‘natgan. Xususan, atmosfera bosimi hamda harorati ko‘rsatkichlari qayd etilgan. O‘rni kelganda bir qiziq va shu bilan birga biroz yoqimsiz, achinarli ma’lumotni ham keltirib o‘tish joiz. Missiyaning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi omillari tahlil qilinganida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, “Mars-6” va unga yondosh missiyalarda qo‘llanilgan mikrosxemalar uchun tayyorlangan tranzistorlar tarkibida texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan maxsus metall emas, balki boshqa arzonroq metall – alyuminiy qo‘llanilgan ekan.

Alyuminiy esa juda tez oksidlanib qolishi sababli tranzistor olti oy atrofida ishlagach, ishdan chiqavergan. Ko‘rib turibsizki, mikrosxemadagi arzimagan bir detalga qilingan noto‘g‘ri munosabat, ko‘p millionlik mablag‘ talab etadigan ulkan kosmik missiyaning barbod bo‘lishiga olib kelgan. Eng achinarlisi esa ushbu holat haqida konstruktorlar ham, muhandislar ham boxabar bo‘lgan va nosozlikni bartaraf etish va buning uchun parvozlarni vaqtincha kechiktirishni so‘rab murojaat qilishgan. Lekin partiya rahnamolarining tayziqi tufayli parvoz baribir amalga oshirilgan va natija ham shunga yarasha bo‘lgan...

Muzaffar Qosimov tayyorladi.