Yaponiyaning Tanegasima kosmodromida ob-havo noqulay bo‘lgani sababli 15-iyulga mo‘ljallangan start 17-iyul sanasiga, ya’ni ertaga qoldirildi. Ehtimol, start haqiqatan ham 17-iyul sanasida amalga oshar, balki yana bir muddatga qoldirilar. Lekin hozir bu muhim emas.  “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov parvoz orqali kosmik parvozlar poygasiga mutlaqo “ekzotik” mamlakat – Birlashgan Arab Amirliklarining kirib kelayotgani haqida ma’lumot beradi.

Al Amal kosmik apparatining Marsga yetib borish jarayoni musavvir tasavvurida.

Foto: Emirates Mars Mission

Ha, arablar hozirda shunday katta marra olgan. Ular shu kunlarda tarixan ilk bora o‘z avtomat kosmik apparatini Marsga uchirishga yaqin turibdi. Arabchada Al Amal (umid) deb nomlangan apparat Marsdagi hozirgi atmosfera sharoitlari hamda dinamikasini tadqiq qilib, qizil sayyora atmosferasiga Quyosh shamolining ta’siri mexanizmlarini o‘rganadi. The Emirates Mars Mission deb nomlangan ushbu missiya orqali olimlar Marsning hozirgi ob-havo parametrlari bilan uning o‘tmishdagi iqlimi orasidagi bog‘liqlikni o‘rganmoqchi.

BAAning mazkur apparatini Mitsubishi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan H2A nomli eltuvchi raketa orbitaga olib chiqadi. So‘ngra Al Amal 495 million kilometr masofani uchib o‘tib, Marsga yetib borishi kerak. U taxminan 2021-yilning fevralida manzilga yetib borishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda BAA federativ davlat sifatida tashkil etilganining 50 yilligi nishonlanadi.

Al Amal nisbatan kichik o‘lchamga ega: u yoqilg‘i zaxirasi bilan birga “atigi” 1,5 tonna tosh bosadi; u taxminan ikki yil mobaynida ishlab, tekshirishlar o‘tkazishi kutilmoqda. Lekin hammasi rejadagidek ketsa, apparat hatto 2025-yilgacha ham ishlashda davom etishi mumkin.

BAA davlati Marsga parvoz dasturi haqida dastavval 2014-yilda e’lon qilgan edi. Albatta, o‘shanda jahon ilmiy jamoatchiligi BAAning moddiy jihatdan juda badavlat ekaniga qaramay, hatto ilm-fan masalalari bo‘yicha na bir alohida vazirligi yoki bitta vaziri ham bo‘lmagan, hech bo‘lmasa, ilm-fan kengashi (qo‘mitasi) ham mavjud bo‘lmagan kichik mamlakat sifatida qarab, uning kosmik dasturini biroz kinoyaga ham olgan edi.

Boz ustiga, arablar Yer tevarak orbitasida harakatlanadigan kichik sun’iy yo‘ldoshlar yoki hech bo‘lmasa Oyga uchadigan apparat haqida emas, balki birdaniga qo‘shni sayyoraga – Marsga parvoz haqida og‘iz ochgani ko‘pchilikning ensasini qotirgan. Biroq Amirliklar davlati dunyo ilmiy jamoatchiligining bu hayrati holva ekanini 2017-yilda yana bir karra ko‘rsatib qo‘ydi. O‘shanda BAA 2117-yilga kelib Marsda butun boshli shahar barpo etish rejasini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, arablarning Mars dasturi e’lon qilingan o‘sha 2014-yilda hali Amirliklar koinotga faqat ikkita kichik apparat – DubaiSat-1 va DubaiSat-2 sun’iy yo‘ldoshlarini uchirgan edi xolos va u ham bo‘lsa amalda Janubiy Koreya mahsuloti bo‘lib, BAA tomonidan moliyalashtirilgan va parvozning barcha xarajatlari qoplangan bo‘lgan.

Bu safargi Marsga uchish rejasi esa haqiqatan ham juda jiddiy va yuqorida aytilganidek, arablarning Al Amal avtomat kosmik apparati allaqachon start maydonchasida parvozga shay turibdi. Ob-havo qulay sharoitni taqdim qilishi bilan u Mars tomon yo‘lga chiqadi. Bu safar arablarning kosmik loyihasi BAAning o‘zidagi Muhammad bin Rashid nomidagi kosmik markazda tayyorlangan.

Apparat Mars va Yer sayyoralarining orbital o‘ziga xosliklari tufayli faqat har ikki yilda bir yuzaga keladigan, taxminan bir oy muddatlik eng qulay parvoz vaqtiga moslab tayyorlangan. Ya’ni apparat hozir, shu kunlarda uchirib yuborilmasa, keyingi shunday qulay fursat yana ikki yildan keyingina yuzaga keladi. Boshqa paytlarda uchirish esa yoqilg‘i sarfi jihatdan juda qimmatga tushadi.

Albatta, Al Amal apparatini arablar butunlay mustaqil yasagan deyish fikridan ham yiroqmiz. Ularga amerikalik olimlar yaqindan ko‘mak bergan, apparatning uchta eng asosiy asbobidan ikkitasini NASA buyurtmasiga ko‘ra shunday asbob yasaydigan firma tayyorlagan. Qolaversa, Amirliklarning o‘z kosmodromi mavjud emas va shu sababli, ular apparatni Yaponiyadan uchiradi.

Lekin ushbu faktlarning birortasi BAAning kosmik parvozlar sohasiga dadil kirib kelayotgan ushbu qadamini shubha ostiga qo‘yishga arzimaydi. Chunki zamonaviy dunyoda allaqachon har qanday kosmik parvozlar xalqaro ilmiy-texnik kollaboratsiyalar yordamida amalga oshirib kelinmoqda. Hatto AQSh, Rossiya kabi o‘zining ildizi baquvvat kosmik dasturlariga ega mamlakatlar ham bu borada hozir mutlaqo mustaqil ishlay olmaydi! Shu sababli, BAA ham endilikda Marsni tadqiq qilishga to‘laqonli ravishda qo‘shilgan yana bir katta mamlakatga aylanishi aniq.

Masalaning yana bir jihati e’tiborli va tahsinga sazovordir. The Emirates Mars Mission loyihasida ish olib borayotgan arab muhandislari guruhining o‘rtacha yoshi 27 yoshni tashkil qiladi. Ehtimol, bu arab yoshlari Yevropa va Amerikaning ilg‘or oliygohlarini yaqindagina tamomlagan bitiruvchilardan iborat bo‘lsa kerak. Demoqchimanki, Amirliklarning kosmik loyihasi nafaqat texnik jihatdan, balki istiqbolli yosh kadrlar masalasi yuzasidan ham katta potensialga ega.

Quyidagi videolavhada BAA tomonidan 2017-yilda namoyish qilingan Mars missiyasi haqidagi taqdimotni ko‘rishingiz mumkin. Biz esa dastlabki arab va islom Mars missiyasiga muvaffaqiyat tilaymiz!

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.