“Nemis to‘lqini” – Deutsche Welle (DW) saytida AQSh, Xitoy va BAA davlatlarining Mars missiyalaridan ko‘zlangan maqsad va ulardagi o‘ziga xosliklari haqidagi maqola e’lon qilindi. “Daryo” ushbu maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

2020-yilning kuziga qadar Marsga birdaniga uch mamlakatning – AQSh, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklarining missiyalari parvozga chiqadi. Ushbu loyihalarning texnik yechimlari hamda o‘zaro tafovutlari haqida hikoya qilamiz.

Foto: Picture Alliance

Taxminan har bir-yarim, ikki yil muddatda Quyosh sistemasidagi sayyoralar shunday qulay tarzda tartiblanadiki, natijada, Yerdan Marsga parvoz boshqa paytlardagi kabi 9 oy emas, 7 oygacha qisqaradi. Bu esa nafaqat vaqtdan, balki raketa yoqilg‘isidan ham yutish imkonini beradi. Joriy yozda aynan shunday imkoniyat bor.

NASA an’anaviy ravishda ushbu imkoniyatdan foydalanib keladi. Oxirgi sakkizta shunday imkoniyatdan oltitasida Amerikaning Mars missiyalari startga chiqqan. Lekin bu safar qizil sayyoraga yana ikki mamlakatning: BAA va Xitoyning ham kosmik apparatlari parvoz qilishi kutilyapti.

NASA Marsga bir necha bora missiya yuborgan bo‘lsa-da, Xitoy va BAA bu borada hali yangi hisoblanadi va shunga qaramay, ularda ko‘p yillik tajriba mavjud bo‘lmasa-da, ularning kosmik dasturini ham anchayin muvaffaqiyatli deyish mumkin. Ushbu uchala Mars missiyasining vazifalari, texnik o‘ziga xosliklari va farqlari haqida quyida bayon qilamiz.

NASA missiyasi: Marsda hayot bormi?

NASAning “Mars-2020” missiyasining marsoxodi Perseverance (“Qat’iyat”) nomini olgan. Ushbu nomni 2019-yilda NASA tomonidan maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Roverga nom o‘ylab top” nomli tanlov e’lon qilingach kelib tushgan 28 mingdan ziyod takliflar orasidan tanlab olingan. Ko‘ngillilardan iborat hay’at shuncha taklif orasidan beshtasini tanlab olgan va keyin NASA saytida besh kun davomida onlayn ovoz berish orqali g‘olib aniqlangan.

Foto: Picture Alliance

Natijada yettinchi sinf o‘quvchisi Aleksandr Mazer taklif qilgan nom g‘olib deb topilgan. Endi u o‘z oilasi bilan Floridadagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan kosmik apparatning parvozga chiqishini tomosha qilishi mumkin. Shuningdek, yana 155 nafar yarim finalchilarning nomi Marsga yo‘l olayotgan rover bortidagi kremniyli mikrosxemaga yozib qo‘yiladi.

Parvoz 22-iyul bilan 11-avgust oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Parvoz sanasidan kelib chiqqan tarzda, marsoxod Qizil sayyoraga 31-yanvar bilan 18-fevral oralig‘ida yetib boradi. U Mars ekvatoridan shimolroqdagi Jezero krateriga qo‘nishi belgilangan. Ekspeditsiyaning asosiy vazifasi – Marsda hayot bormi degan savolga javob olish hamda sayyoraning atmosferasi kelgusida hayot uchun yaroqli bo‘la oladigan tarzda o‘zgara oladimi degan masalani o‘rganishdan iborat.

Missiyaning ko‘zlangan maqsadlari haqida so‘z ochilganda, NASA’dagilar Perseverance “suvni izlaydi” deyishgan. Qo‘nish joyining tanlanishi ham shu maqsad bilan izohlanadi, taxminlarga ko‘ra, Jezero krateri hududida qurib qolgan daryo o‘zani va ko‘l tubi mavjud deb qaraladi. Zamonaviy asboblar bilan jihozlangan, shu jumladan, 23 ta kamera o‘rnatilgan, vazni 1 043 kilogram bo‘lgan rover Marsda suv bo‘lgan zamonlarda shakllangan bo‘lishi ehtimoliga ega tog‘ jinslaridan va tuproqdan namunalar oladi; ularda qadimda hayot mavjud bo‘lganiga ishora qiluvchi belgilar bo‘lishi mumkin.

Perseverance panoramali va stereoskopik kameralar bilan ta’minlangan takomillashtirilgan navigatsiya sistemasi bilan hamda eksperimental MOXIE qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, uning yordamida asosan karbonat angidriddan iborat bo‘lgan Mars atmosferasidan kislorod ajratib olishga urinib ko‘riladi. Bundan tashqari, u uchuvchisiz apparat – Mars Helicopter apparatini tepaga uchirib joyning yanada batafsil topologiyasini o‘rganishi mumkin. Apparatga ikkita mikrofon ham o‘rnatilgan. NASA’dagilar bu orqali Perseverance Marsni “ushlab ko‘rishi, totib ko‘rishi va ‘eshitib’ ko‘rishi mumkin”, deb umid qilishmoqda.

Marsoxod burg‘ulash vositasi va robotlashtirilgan qo‘l yordamida yig‘adigan barcha tog‘ jinslari va tuproq namunalari maxsus steril idishlarga joylanadi va sayyora sirtida qoldiriladi. Ularni Yerga olib kelish uchun NASA 2026-yilda yana bir missiya tashkillashtirmoqchi.

Foto: Picture Alliance

Xitoy: Amerikaga yetib olish va quvib o‘tish

Xitoy ekspeditsiyasi Tianwen-1 (“Osmonga savol”) deb nom olgan. Xitoyning eng buyuk shoirlaridan biri deb hisoblanadigan, eramizdan avvalgi 340–278-yillarda yashab o‘tgan Syuy Yuanning she’ri shunday nomlanadi. Missiyaga nom berish borasidagi tanlov 2016-yil avgustining oxirida boshlangan edi va g‘olib 36 ming takliflar ichidan maxsus hay’at va onlayn ovoz berish orqali aniqlangan. Uni 2020-yilning 24-aprel kunida e’lon qilishdi – shu kuni Xitoyda kosmonavtika kuni nishonlanadi. Xitoy milliy kosmik boshqarmasi (CNSA) bergan bayonotga ko‘ra, boshqa sayyoralarni tadqiq qilish bo‘yicha barcha rejalashtirilgan missiyalar ham Tianwen degan nom oladi.

Sharoit taqozosiga qarab, shu jumladan, ob-havodan kelib chiqqan holda, Xitoyning kosmik apparati 23-iyul bilan 5-avgust oralig‘ida, “Chanchjen-5” eltuvchi raketasi yordamida Xaynan orolidagi Venchan kosmodromidan uchiriladi. Qo‘nish joyi sifatida taxminan Marsning Utopiya pasttekisligi hududi tanlangan. U yerga sayyoralararo zond 2021-yilning fevralida yetib borishi kerak.

NASA singari Xitoy missiyasi ham Marsda hayot nishonalarini izlaydi va shuningdek, sayyoraning atmosferasi kelgusida kolonizatsiya uchun maqbul holatga kelishi ehtimolini tekshiradi. Lekin Xitoy uchun hozir bundan ham muhimi, o‘zining kosmik poygada ham yetakchi maqomini belgilash va isbotlash hisoblanadi. Ular bu borada Qo‘shma Shtatlar bilan raqobatda yetib olib, imkon bo‘lsa o‘zib ham ketishmoqchi.

Shu sababli ham Tianwen-1 missiyasi amerikaliklarning missiyasidan ko‘ra kattaroq ambitsiyalarni ko‘zlagan. U Marsga nafaqat rover, balki orbita bo‘ylab harakatlanib, sayyorani kamera va radarlar vositasida tadqiq qilishi kerak bo‘lgan orbital apparatni yetkazishni ham ko‘zlagan. Rover joylashtirilgan qo‘nish moduli, uning qulashini sekinlashtirishi kerak bo‘lgan  parashyut va dvigatellar va o‘zi ochiladigan yostiqchalar vositasida ohista qo‘nishini ta’minlashi kerak.

Xitoy marsoxodi Amerikanikidan to‘rt marta yengil. U faqat 200 kilogramm vaznga ega bo‘lib, sirt qatlamlarining ostini zondlash uchun mo‘ljallangan radiolokatsion stansiya bilan jihozlangan. Ushbu asbob Mars sirtiga 100 metrgacha chuqurga kirib borish va uning geologik tuzilishini tadqiq qilish imkonini beradi. Shuningdek, tuproqning kimyoviy tarkibini aniqlab, biomolekula va biosignaturalarni qidiradi.

Foto: Emirates Mars Mission

Bundan tashqari, roverga navigatsion va topografik kameralar ham o‘rnatilgan hamda ikkita detektorli meteorologik o‘zgarishlarni qayd qilish asbobi bilan jihozlangan. U Mars sirtining va sirtdagi birikmalarning magnit maydonini ham tadqiq qiladi. Xitoy ekspeditsiyasining asosiy o‘ziga xosligi – radiolokatsion sistemaning mavjudligidir. Bunday sistema Qizil sayyoraga birinchi bora eltilmoqda.

BAA: “Umid” iqtisodiyotga impuls va yoshlarga ilhom beradi

Birlashgan Arab Amirliklari sayyoralararo parvozni amalga oshirgan ilk arab mamlakati bo‘lishni maqsad qilgan. BAAning Marsni tadqiq qilish dasturi “Umid” deb nom olgan. Uning ikkinchi nomi “Amirliklarning Mars missiyasi” bo‘ladi. Yaponiyaning Tanegasima kosmodromidan parvozga chiqishi ko‘zlangan orbital apparatni Dubaydagi Muhammad bin Rashid nomli kosmik markazda ishlab chiqishgan bo‘lib, loyihada Kolorado universiteti hamkorlik qilgan. U 15-iyuldan 13-avgustgacha bo‘lgan oraliqda uchirilishi kerak. Parvoz Yaponiya raketasi vositasida amalga oshiriladi.

Amerika va Xitoyning Marsni o‘zlashtirish dasturlaridan farqli o‘laroq, BAAning maqsadlari nisbatan kamtarona. Ularning apparati Marsni orbitadan turib kuzatadi va sayyoraning turli mintaqalarida yil davomida qanday iqlim hukm surishini tekshiradi. Shuningdek, Amirliklarning kosmik zondi tarixda ilk bora Mars atmosferasining sayyora ob-havosi shakllanadigan qismini, shu jumladan, qumli bo‘ronlar yuzaga keladigan atmosferaning quyi qatlamlarini tadqiq qiladi. BAA kosmik stansiyasi infraqizil, ultrabinafsha va oddiy nurlar diapazonida kuzatuv olib boradigan uchta kamera bilan jihozlangan.

BAA Marsga yetib borishni mamlakat tashkil qilinganligining 50 yillik tantanalarigacha amalga oshirmoqchi. Bayram 2021-yilning 2-dekabrida nishonlanadi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgani singari, ko‘zda tutilmagan vaziyatlardan ehtiyot chora sifatida missiya ishtirokchilarning ma’lum qismi Yaponiyaga aprel oyidayoq eltib qo‘yilgan edi. Agar nimadir sabab bilan parvoz amalga oshmay qolsa, unda keyingi qulay fursatni yana ikki yil kutishga to‘g‘ri keladi.

Missiyadan asosiy ilmiy maqsad bo‘lgan Mars atmosferasini tadqiq qilish vazifasidan tashqari, yana shuningdek, ko‘zlangan eng katta muddao mazkur tarixiy parvoz orqali mamlakat iqtisodiyotiga yangi impuls bag‘ishlash ham ekanini BAAda hech kim yashirayotgani yo‘q. Forbes jurnaliga bergan intervyusida BAA kosmik dasturi rahbari Omran Sharif “Dastlabki kundanoq BAA hukumati kosmos bu – yanada yirik maqsadlarga erishish uchun vosita ekanini ta’kidlagan. Gap tizimni tubdan o‘zgartirgan holda, ilm-fan va texnologiyalarni mamlakat iqtisodi bilan integratsiya qilish haqida bormoqda”, deb qayd etgan.

Missiyaning yana bir maqsadi – mintaqa yoshlarida ilm-fan va tadqiqotlarga bo‘lgan rag‘bat uyg‘otishdan iborat. Loyihaning ilmiy rahbari bo‘lmish Sora Amiriyning aytishicha, hozirda yoshlardan va talabalardan juda ko‘plab sondagi xatlar kelmoqda ekan va ushbu xatlarda yoshlar missiyaning ilmiy jihatlari bilan qiziqib, unda ishtirok etish istagini bildirishayotgan ekan. Amiriy “Start vaqtidagi jamlanish masalasiga nisbatan o‘z munosabatimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi, biz buni onlayn qilish imkoniyatini izlayapmiz”, deb ta’kidlagan.