Meksikada koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 46,6 ming kishidan oshib ketdi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ugo Lopes-Gatel o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

31-iyul holatiga ko‘ra, Meksikada koronavirus bilan kasallanganlar soni 424 637 kishiga yetgan. Mamlakatda hozirga qadar 276 618 bemor kasallikdan sog‘aygan bo‘lsa, 46 688 kishi COVID-19 qurboniga aylangan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Meksika koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, 3-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Ayni vaqtda Britaniyada COVID-19 oqibatida vafot etganlar soni 46 204 kishini tashkil etmoqda.

Koronavirus oqibatida vafot etganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda AQSh ketmoqda — 153,4 mingdan ortiq. Undan keyingi o‘rinni 92,4 ming qurbon bilan Braziliya egallagan.

Avvalroq JSST dunyoda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kunlik rekordni qayd etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 31-iyul kuni butun dunyoda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 292 527 kishiga ortgan.