Gollivud aktyori Rayan Reynolds ryukzagi o‘g‘irlab ketilgan Mara Soriano ismli ayolga yordam berishga qaror qildi, deb yozadi Esquire.

Foto: INB

O‘g‘irlangan ryukzak ichida hujjatlar va iPad, shuningdek, ayolning eng qadrli narsasi — paxmoq ayiqchasi ham bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinchoq ichida diktofon bo‘lib, unga Sorianoning iyun oyida saratondan vafot etgan onasining so‘zlari yozib olingan.

Aktyor yangiliklar orqali bundan xabar topgan va yordam berishga qaror qilgan. Reynolds o‘zining Twitter’dagi sahifasiga e’lon berib, o‘yinchoq ayiqcha uchun 5 ming dollar mukofot pulini taklif etgan.

“Vankuver! Maraga ushbu ayiqchasini qaytargan har qanday insonga 5000 dollar. Hech qanday savollar bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, barchamiz ayiq uyiga qaytishi kerakligini tushunib turibmiz”, — deb yozadi “Dedpul” yulduzi.

Skrinshot: Twitter

Maraning so‘zlariga ko‘ra, davolanish vaqtida onasining ovozi juda o‘zgarib ketgan va o‘yinchoqdagi yozuv — uning ovozi o‘zgarguncha bo‘lgan so‘nggi so‘zlari.

Boshqa yulduzlar ham sodir bo‘lgan voqeani ko‘rib, ayiqcha uchun mukofot pulini oshirishga qaror qilgan. Boshlovchi Jorj Strombolupolus va rejissor Rouson Marshall Terber yana 5 ming dollardan taklif etgan. Shuningdek, ayiq to‘g‘risidagi xabarni aktyorlar Zak Braff va Den Levi ham qo‘llab-quvvatlagan.