Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasi politsiyasi belgilangan tezlik chegarasidan ikki barobar tezroq — soatiga 232 kilometr tezlikda harakatlangan haydovchini jarimaga tortib, uning Chevrolet Camaro’sini musodara qildi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Yangi Shotlandiya provinsiyasi politsiyasi umumiy foydalanishga mo‘ljallangan yo‘lda mashina tezligini belgilangan chegaradan ikki barobar oshirgan haydovchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Ismi oshkor etilmagan 43 yoshli haydovchi 110 km/soat tezlikda harakatlanishga ruxsat etilgan yo‘lda o‘zining Chevrolet Camaro’sini 232 km/soat tezlikda haydab o‘tgan.

Politsiya qoidabuzarni to‘xtatib, unga yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish ayblovi qo‘yilgan. Natijada kanadalik Chevrolet Camaro’sidan mahrum qilinib, 2422,50 dollar jarimaga tortilgan.

Shu bilan birga, mashina egasiga haydovchilik guvohnomasidan yetti kun foydalanish taqiqlab qo‘yilgan.

Avvalroq Italiyada Ford Focus haydovchisiga mashinani soatiga 703 km tezlikda haydagani uchun jarima kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi.