Viskonsinda istiqomat qiluvchi Tom Kuk ismli fuqaro Powerball lotereyasidan 22 million dollar yutib olib, mukofotni do‘sti bilan bo‘lishdi, deb xabar beradi Esquire.

Kadr: YouTube

Do‘stlar lotereyaning YouTube’dagi kanali uchun o‘zlarining voqeasini so‘zlab bergan. Gap shundaki, 1992-yilda Tom Kuk do‘sti Jo Fini bilan agarda ikkisidan birining lotereyasiga yutuq chiqadigan bo‘lsa, uni bo‘lishishga kelishib olgan. Shundan buyon ular har hafta lotereya chiptalarini xarid qilib kelgan.

“Biz bundan biror-bir natija chiqishini o‘ylamagan edik. Biroq kelishuv bu — kelishuv”, — deydi do‘stlar intervyuda.

Shunday qilib, mukofotning teng yarmi Finiga nasib etgan. Do‘stlar mukofot pullarini bir vaqtda olish variantini tanlagani sabab ularning har biri 5,7 million dollarni qo‘lga kiritgan.