Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bir necha yildan beri “o‘zini eplolmagan” va tayinli ish bajarmagan g‘isht zavodi bankdan qarzdorligi sabab auksionda sotildi. Zavodni sotib olib, qariyb bir milliard so‘m investitsiya kiritgan tadbirkor esa zavodning sobiq egalari qarshiligiga uchramoqda.

Bahrom Xoliyorov.

Foto: “Daryo”

Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan tadbirkor Bahrom Xoliyorovning aytishicha, mazkur muammo uch marotaba Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkor foydasiga hal qilingan bo‘lsa-da, tadbirkor haligacha sotib olgan obyektida ish boshlay olmagan.

Foto: “Daryo”

“2018-yil 19-fevral kuni E-ijro auksion’da qatnashib, ‘Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash’ AJga qarashli Kitob tumanining “Sevaz” QFY, Sariosiyo qishlog‘ida joylashgan Kitob g‘isht zavodini 690 million so‘mga sotib oldik. Xitoy davlatidan 592 million so‘mga g‘isht ishlab chiqaruvchi dastgoh keltirib, o‘rnatdik. Qariyb 26 million so‘mga transformator qo‘ydik. 268 million so‘mga qarovsiz qolgan hududni tozalab, issiqxona uchun joy hozirladik. 85 million so‘mga esa g‘isht quritish uchun joy tayyorladik. Xullas, g‘isht zavodini sotib olganimizdan so‘ng ham yana salkam bir millard so‘m mablag‘ sarflab, shart-sharoit yaratgan bo‘lsak-da, ishlolmayapmiz. Sababi zavodning sobiq egalari bunga qarshilik ko‘rsatmoqda”, — deydi “Nasaf neft-gaz qurilish va ta’mirlash” MChJ rahbari Bahrom Xoliyorov.

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Tadbirkorning aytishicha, g‘isht zavodi auksionda sotilgan bo‘lishiga qaramay, shu paytga qadar zavodga egalik qilib kelgan “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ rahbariyati asossiz bahonalar bilan tadbirkorning ish boshlashiga to‘siq bo‘lmoqda.

Kitob g‘isht zavodining g‘isht ishlab chiqaruvchi dastgohi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJga qarashli Kitob g‘isht zavodi samarali faoliyat yuritishi uchun 2015-yil MChJ maqomini olgan. Va Oybek Eshov rahbarligida mustaqil faoliyatini boshlagan. 2016-yilning 9-noyabr kuni Asaka bankning Qashqadaryo viloyat filialidan g‘isht ishlab chiqarish uchun ko‘mir sotib olish maqsadida 200 million so‘m kredit olgan. Kredit o‘z vaqtida qaytarilmagani bois, 35 million so‘m qarzdorlik yuzaga kelgani va mablag‘ maqsadli foydalanilmayotgani uchun bank rahbariyati 2017-yil 3-iyul kuni zavod direktori Oybek Eshovga ogohlantirish xati bergan. Zavod rahbariyatini ogohlantirgan bank besh bank ish kunida qarzdorlik bartaraf etilmasa, sudga murojaat qilishini ma’lum qilgan.

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Kitob g‘isht zavodi rahbariyatiga Asaka bankning ogohlantirish xatlari kor qilmagandan so‘ng bundan norozi bo‘lgan bank sudga murojaat qiladi. 2017-yilning 17-noyabr kuni mazkur ishni ko‘rib chiqqan Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi bankning 181 million 836 so‘m puli va 3 million 460 ming so‘m kredit foizini undirish haqida qaror chiqaradi va garovdagi g‘isht zavodi binosini mulkiy majmua sifatida boshlang‘ich narxini 250 million so‘m baholab, sotuvga qo‘yadi. Mazkur ish ijrosi yuklatilgan MIB Kitob tuman bo‘limi esa 2017-yilning 28-dekabr kuni zavod rahbariyatiga murojaat qilib, zavod elektron onlayn-auksionda sotilishi haqida ogohlantiradi. Hech qanday javob bo‘lmagach, g‘isht zavodi 2018-yilning 5-yanvar kuni savdoga qo‘yiladi. 2018-yilning 19-fevral kuni “Nasaf neft-gaz qurilish va ta’mirlash” MChJ tomonidan 690 million 494 so‘mga sotib olinadi.

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

“G‘isht zavodi bizning tashkilotimiz tarkibida bo‘lsa-da, sotuvga qo‘yilayotgani haqida bizni ogohlantirishmagan”, — deydi “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ boshqaruv raisi Asliddin Rahmatov.

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Asliddin Rahmatovning ma’lumot berishicha, “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ rahbariyati g‘isht zavodining sotilishi haqida xabar topgach, 200 million so‘m kreditdan qarzdorlikni ikki marta 100 million so‘mdan bo‘lib to‘laydi. Ammo kech qoladi. Zavod auksionda sotib bo‘linadi.

Bahrom Xoliyorov.

Foto: “Daryo”

“Eng qizig‘i, zavodimiz auksionda sotib bo‘lingan bo‘lishiga qaramasdan, bank bizning pulimizni qabul qildi va qarzdorlik yopildi deb xat berdi. Ammo MIB ham, auksion savdoni o‘tkazuvchi mas’ullar ham, hatto sud ham dastlab bizni nohaq deb topib, zavoddan bizni majburiy tartibda chiqarish haqida qaror chiqardi. Va bizning ishimiz to‘xtadi”, — deydi Asliddin Rahmatov.

Bahrom Xoliyorov tomonidan olib kelingan yangi dastgoh.

Foto: “Daryo”

Bahrom Xoliyorov tomonidan olib kelingan yangi dastgoh.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, Kitob g‘isht zavodi mazkur muammolar sabab 2018-yildan ish faoliyatini to‘xtatgan. Tadbirkor Bahrom Xoliyorovning qo‘shimcha qilishicha, zavod 2015-yildan beri tayinli ish bajarmagan.

Bahrom Xoliyorov tomonidan olib kelingan yangi dastgoh.

Foto: “Daryo”

“Zavod so‘nggi to‘rt yilda yiliga o‘rtacha 400 million so‘mdan jami 1 milliard 200 million so‘mlik zarar bilan ishlagan, — deydi Bahrom Xoliyorov. — Alohida ‘qozon’da zarari ko‘rinib qolavergan g‘isht zavodi 2018-yilning 18-yanvar kuni yana ‘Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash’ AJ tarkibiga qo‘shib yuborilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa zavodning zarar bilan ishlayotganligini yashirish edi”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

Kitob g‘isht zavodi.

Foto: “Daryo”

Bahrom Xoliyorovning gumoni qay darajada to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilish maqsadida “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ rahbariyatidan 2015—2017-yillarda zavod ishlab chiqargan g‘isht va undan tushgan daromad haqida ma’lumot so‘radik. Biroq g‘isht zavodi rahbariyati ham, “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ rahbariyati ham bu haqda rasmiy ma’lumot taqdim etolmadi.

Foto: “Daryo”

“Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ tomonidan qoralama sifatida taqdim etilgan, ammo tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, g‘isht zavodi 2015—2018-yillarda 3 milliard 689 million so‘mlik xom hamda pishiq g‘isht ishlab chiqargan. Ammo nechtasi sotilgan, sof daromad qancha degan savollar ochiq qoldi.

Kitob g‘isht zavodidan olib ketilgan g‘ishtlar ro‘yxati.

Foto: “Daryo”

“G‘isht zavodimiz 2015—2018-yillarda salkam 4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Ammo bu mahsulotlarning barchasi ham sotilmagan. Mahsulot ishlab chiqarilgani uchun biz daromad hisobiga qo‘shganmiz”, — deydi “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ xodimi Rashid Jabborov.

Ma’lum bo‘lishicha, g‘isht zavodi to‘rt yilda salkam to‘rt milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa-da, amalda 200 million so‘mlik kreditini ham “yopolmagan”. Demak, to‘rt milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan zavod 200 million so‘m mahsulotini ham sotolmagan bo‘lib chiqadimi?

Foto: “Daryo”

“To‘g‘ri, ishlab chiqarish bo‘lgan. Zavod umuman to‘xtab qolgan deyish xato. Ammo ishlab chiqarilgan mahsulot faqat va faqat naqd pulga sotilgan. Kirim-chiqim pullari rasmiylashtirilmagan. Shu bois ham zavod o‘zini o‘zi eplolmagan va 200 million kreditini ham to‘lolmagan”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

“Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ raisi Asliddin Rahmatovning ma’lumot berishicha, Kitob g‘isht zavodi 1973-yildan boshlab faoliyat yurita boshlagan bo‘lib, 15 gektar yer maydoniga ega. 2018-yilga qadar zavodda 40 nafar xodim faoliyat yuritgan.

Bahrom Xoliyorov tomonidan tekislangan va tozalangan hudud.

Foto: “Daryo”

Bahrom Xoliyorov tomonidan tekislangan va tozalangan hudud.

Foto: “Daryo”

“Zavodning auksiondagi boshlang‘ich narxi ham 250 million so‘m deb ko‘rsatilib, 690 million so‘mga juda arzon sotilgan. Zavodning o‘sha paytdagi narxi 3 millard so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak edi. Bu yerda bankning o‘yini bo‘lgan”, — deydi Asliddin Rahmatov.

Tadbirkor Bahrom Xoliyorovning gapiga ko‘ra, zavod narxining past ko‘rsatilishi va zavodning auksionga chiqishidan “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ mas’ullari manfaatdor bo‘lgan.

“Zavodni to‘rt yil davomida bankrotlik yoqasiga olib kelgan va arzimagan pulga sotib olishni mo‘ljal qilgan ‘Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash’ AJ mas’ullari onlayn savdoga bizning kirishimizni kutmagan. Va zavod auksionga qo‘yilib, sotilgunga qadar jim turishgan. Natija ular kutgandek bo‘lib chiqmagach, endi sudma-sud yurib, bizning ishimizga to‘sqinlik qilishmoqda”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

Har ikki tomonning tortishuvi zavodda faoliyat yuritib kelayotgan ishchilarga ham ta’sir qilmay qolmagan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan zavod ishchilari — Faxriddin To‘rayev, Shukrullo Musayev, Qurbonali Xudoyev, Inomiddin Akromovning aytishicha, har ikki tomon o‘rtasidagi mojaro zavod ishining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan.

“Har oy shu zavoddan 750-800 ming so‘m ish haqi olardik. Ro‘zg‘orimiz shu yerda o‘tardi. Endi esa har ikki tomonning tortishuvi sabab ish to‘xtatilgan. Biz esa ishsizmiz, — deydi 35 yildan buyon shu zavodda ishlab kelgan Faxriddin To‘rayev. — Ishimizni davom ettiraylik desak, Bahrom Xoliyorov Milliy gvardiya xodimlarini olib kelib, bizning zavodga kirib-chiqishimizga to‘sqinlik qildi”.

Aniqlanishicha, tadbirkor Bahrom Xoliyorov g‘isht zavodini sotib olgach, xorijdan g‘isht ishlab chiqaruvchi dastgoh olib kelgan va atrofdagi chiqindilarni tozalab, pishiq g‘isht uchun joy hozirlagan. Ammo zavodning sobiq egalari auksion savdo natijasini tan olmay, hududdan chiqmagan.

Bahrom Xoliyorov tomonidan tekislangan va tozalangan hudud.

Foto: “Daryo”

“Nasaf neft-gaz qurilish va ta’mirlash” MChJ rahbariyati esa bu o‘zboshimchalikni to‘xtatish uchun Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan va g‘isht zavodining sobiq rahbariyatini majburiy tartibda chiqarishni so‘ragan. “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ ham sudga shikoyat kiritib, 2018-yil 19-fevralda o‘tgan auksion savdo bayonnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Sudning 2019-yil 23-yanvar kunidagi qarorida “Nasaf neft-gaz qurilish va ta’mirlash” MChJ talabi qondirilib, zavodning sobiq rahbariyati zavod hududidan majburiy chiqarilishi ta’kidalanadi. “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ rahbariyatining auksion savdo bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyati esa rad etiladi.

Mazkur ishni “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJning kassatsiya shikoyati asosida ko‘rib chiqqan Xorazm viloyat iqtisodiy sudi ham rad etadi. 2019-yil davomida mazkur e’tirozni ko‘rib chiqqan Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi va Surxondaryo viloyat iqtisodiy sudi ham shikoyatni rad etadi.

Bahrom Xoliyorov tomonidan tekislangan va tozalangan hudud.

Foto: “Daryo”

Birinchi va kassatsiya instantsiyalarining ajrim va qarorlaridan norozi bo‘lgan “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ shikoyatini 2019-yil 19-iyul kuni Oliy sud ko‘rib chiqadi. Shikoyat yana rad etiladi.

“Nasaf neft-gaz qurilish va ta’mirlash” MChJ Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilib, “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJdan 678 million zarar undirishni so‘raydi. Sud da’voni qisman qanoatlantirib, 312 million so‘m zarar undirish haqida qaror chiqaradi. Ushbu qaror apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldiriladi. Bu orada “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ yana Oliy sudga murojaat qiladi. Oliy sud qarorlar asosli bo‘lganligi uchun, 2020-yil 8 iyundagi 4-1801-1902/5505 sonli ajrimi bilan nazorat tartibidagi shikoyatni qarorlar to‘g‘ri ko‘rilganligi uchun Sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida ajrim qabul qiladi va auksion g‘olibini haq deb topadi. Bu orada “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJ yana Oliy sudga murojaat qiladi. Oliy sud da’voni yana rad etadi. Ammo 2020-yilning 5-iyul kuni “Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash” AJning 2018-yil 19-fevraldagi kimoshdi savdosini haqiqiy emas deb topishni so‘rab yozgan shikoyatini ko‘rib chiqqan Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi o‘zining qarori bilan tashkil etilgan auksion savdosini haqiqiy emas deb topadi. Va ikki yillik muammoning yana davom etishiga zamin yaratadi.

Bahrom Xoliyorov.

Foto: “Daryo”

“Bizni ajablantirgani Oliy sud rad etgan shikoyatni Shahrisabz tumanlararo sudi qanoatlantiryapti va muammoni yanada chigallashtirmoqda. Biz esa 690 million so‘mga zavodni sotib olganimiz yetmagandek, yana salkam bir milliard xarajat qilib, muammoga duch kelib o‘tiribmiz. Aslida, dunyo tajribasida auksion savdo natijasi sudda muhokama qilinmaydi. Bizda esa ish sudda to‘rt-besh marta ko‘rilgani yetmagandek, Oliy sud rad etgani, tuman sudi qo‘llab-quvvatlab turishi judayam kulgili”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

Bahrom Xoliyorov bu kabi seriyali sud majlislari faoliyatiga zarar yetkazayotganini, tadbirkor sifatida tikilgan mablag‘i daromad keltirmasdan, muzlab qolayotgani bois tadbirkorlikdan soviyotganini qo‘shimcha qildi.

“Shu paytga qadar g‘isht zavodidan maqsadli foydalanib, daromad olmagan ‘Qashqadaryo neft-gaz qurilish va ta’mirlash’ AJ sud jarayonlarida qatnashib yurishdan charchamaydi. Boisi, u biz kabi bu ishga katta mablag‘ tikmagan. Biz esa vaqt yo‘qotyapmiz, sarflagan milliarddan ortiq pulimiz muzlab yotibdi”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

Bahrom Xoliyorovning ma’lumot berishicha, g‘isht zavodini sotib olganiga va barcha shart-sharoitni yaratganiga qaramasdan ikki yil davomida umuman g‘isht ishlab chiqarmagan.

“Achinarlisi bu g‘avg‘olar yetmaganidek, Davlat geologiya va mineral resurlar qo‘mitasi raisi Bobir Islomov 2020-yil 7-aprel kuni g‘isht ishlab chiqarish uchun litsenziya so‘rab yozgan murojaatimizga haligacha javob bermagan. Xullas, tadbirkor sifatida faqat va faqat zarar ko‘ryapmiz. Bilmadim, bu mashmashalar qachongacha davom etadi-yu, qachon biz ishni boshlaymiz, bunisi qorong‘u”, — deydi Bahrom Xoliyorov.

Yaxshi niyatda katta mablag‘ tikib, tadbirkorligini rivojlantirishni maqsad qilgan, ammo sudma-sud yurishdan charchagan tadbirkor muammosi tez orada yechim topishidan umidvormiz. “Daryo” esa albatta mavzuga qaytadi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev