TikTok videoservisi O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan mobil ilovaga aylanmoqda. Bu haqda App Annie mobil tahlil servisi ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: TechCrunch

Iyul oyining boshlarida ilova ilk bor App Store va Google Play’da birinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan boshqa servislarga yetakchilikni berib qo‘ymoqda. Iyun oyida esa TikTok Top-10’likdan o‘rin olgan edi:

Foto: Spot

Aprel oyida TikTok O‘zbekistonda karantin vaqtidagi eng mashhur ilovalardan biriga aylangani, biroq Zoom, Telegram, Instagram va imo yetakchilikni qo‘ldan bermayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Iyul oyidan boshlab esa mobil dastur barqaror ravishda birinchilikni egallab kelmoqda.

TikTok qisqa musiqiy video yaratishga, jonli efirlarni amalga oshirishga va xabar almashishga imkon beruvchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. 2016-yilning sentabr oyida ishga tushirilgan dastur Xitoyda qisqa videolar bo‘yicha yetakchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi.

May oyi ma’lumotlariga ko‘ra, TikTok dastur ichida pul ishlash borasida YouTube va Netflix’ni ortda qoldirgan.