Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan vafot etgan tibbiyot xodimlari ro‘yxatini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.

Foto: Reuters

“Mudhish va hali yaxshi o‘rganilmagan kasallikdan 375 nafardan ortiq vatandoshlarimiz, shu jumladan, tibbiyot xodimlari — provizor, yuqumli kasalliklar, karantin va modul statsionar xizmati xodimlari vafot etdi. Bu mamlakat va davlat sog‘liqni saqlash tizimi uchun katta va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishdir. Ularning har biri shaxs, mutaxassis va fuqaro sifatida alohida qadrli edi”, — deyiladi SSV xabarida.

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy o‘zining Facebook’dagi sahifasida COVID-19’dan halok bo‘lganlarning yaqinlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi va o‘z nomidan hamdardlik bildirgan.

“Shu kunlarda men o‘z hamkasblarim — dahshatli va oldindan aytib bo‘lmaydigan tahdidga yuzma-yuz duch kelgan va unga qarshi oxirigacha kurashgan shifokorlar va tibbiyot xodimlarining vafot etgani haqida chuqur og‘riq bilan xabar topyapman. Koronavirus borgan sari ko‘proq shifokorlar, hamshiralar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu yo‘qotishlarning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Ular fidokorona ravishda o‘z burchlarini oxirigacha bajarishdi. Biz uchun ular abadiy qahramon bo‘lib qoladi”, — deb yozgan vazir o‘zining sahifasida.

Vazirlik, shuningdek, koronavirusdan vafot etgan shifokorlarning ro‘yxatini ham e’lon qilgan. Unga 28 nafar tibbiyot xodimi kiritilgan.

Tengrinews’ning Oq o‘rda saytiga tayanib xabar berishicha, mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev koronavirusga qarshi kurashda vafot etgan qozog‘istonlik shifokorlarning ikki nafarini oliy davlat mukofoti bilan taqdirladi.

Kokshetau shahar ko‘p tarmoqli shifoxonasi bo‘lim boshlig‘i Oleg Isayev va Aqto‘be viloyati yuqumli kasalliklar klinik kasalxonasining bosh shifokori Kalixan Kozbagarovga  “Qazaqstanniq Enbek Yeri” (“Qozog‘iston Mehnat Qahramoni”) unvoni Oltin yulduz va “Otan” ordeni bilan birga topshirilgan.

Bundan tashqari, xizmat burchini a’lo darajada bajarganligi, fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilishdagi fidokorona faoliyati tufayli vafot etganidan keyin bir qator tibbiyot xodimlariga “Baris”, “Parasat” va “Qurmet” ordenlari topshirilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 58 253 kishiga yetgan. Hozirga qadar 33 814 kishi sog‘aygan, 280 kishi virus qurboniga aylangan.

Mamlakatda 13-iyul — koronavirus infeksiyasidan vafot etgan fuqarolar xotirasi uchun motam kuni deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan koronavirus pandemiyasi qurboniga aylangan fuqarolar xotirasiga butun mamlakat bo‘ylab Nur-Sulton vaqti bilan soat 12:00 da bir daqiqalik sukut e’lon qilindi.