AOKA huzuridagi shtabda 13-iyul, dushanba kuni Toshkent shahri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori o‘rinbosari Bobur Qurbonov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Aholi orasida koronavirus bilan kasallanganlarning keskin oshib ketishi nima bilan bog‘liq, degan savolga Qurbonov quyidagicha javob berdi.

“Xorijdagi fuqarolar O‘zbekiston hududiga kirib kelgach, maxsus karantin zonalariga joylashtiriladi, ya’ni ular qarindoshlari, do‘stlari va tanishlari bilan muloqot qilmaydi. O‘sha yerda ulardan test tekshiruvi uchun tahlillar olinadi. Shundan so‘ng ularga tashxis qo‘yiladi. Natijalar asosida COVID-19 tasdiqlanadi.

Aholi orasida koronavirusga chalinganlarning ko‘payib ketayotganiga sabab fuqarolar, asosan yoshlar karantin tadbirlariga amal qilmay qo‘ydi. Tibbiy niqoblarni noto‘g‘ri taqish (burunni ochib), masofa saqlamaslik, yoshlarning kechalari mahallalar va ko‘p qavatli uylar tagida yig‘ilib birga vaqt o‘tkazishlari — mana shu sabablar tufayli Toshkent shahrida kasallanishlar soni keskin ko‘paymoqda”, — deydi Qurbonov.

Ma’lumot uchun, 8-iyuldan buyon O‘zbekistonda kunlik kasallanganlar soni 400 nafardan oshmoqda. 9—12-iyul kunlari Toshkent shahrida aniqlangan kasallanish holatlarining 599 tasi aholi orasida va bor-yo‘g‘i 8 tasi karantindagilar orasida qayd etildi. 13-iyul kuni ham Toshkent shahrida aniqlangan 217 ta holatning barchasi (soat 10:00 holatiga ko‘ra 142 kishida, soat 17:00 holatiga ko‘ra 75 kishida) aholi orasida aniqlandi.

2020-yil 13-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 13 360 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 7852 nafari (58 foiz) sog‘aygan. Kasallik oqibatida 62 nafar bemor vafot etgan.