O‘zbekiston qonunchiligi favqulodda holat va favqulodda vaziyat tartibi kiritilishiga imkon beradi. Bu haqda 13-iyul, dushanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov aytib o‘tdi.

Anjumanda Muzraf Ikromov favqulodda holat (vaziyat) sharoitlariga o‘xshash cheklovlar o‘rnatilganiga qaramay, nima uchun favqulodda holat e’lon qilinmayotganiga izoh berdi.

Dunyo mamlakatlari tajribasining tahlili koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni baholash va uning natijadorligi kiritilgan tartibning shakli: favqulodda holat, favqulodda vaziyat, komendantlik soati, karantinni alohida yoki birgalikda joriy qilinganligiga bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

Respublikamiz qonunchiligi favqulodda holat, favqulodda vaziyat karantin tartibi kiritilishiga imkon beradi.

Konstitutsiyaning 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etishi mumkin.

‘Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida’gi qonunning 2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

‘Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida’gi qonunning 3 va 31-moddalariga binoan, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritilishi mumkin.

Muzraf Ikromov, adliya vaziri o‘rinbosari

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi tadbirlar ko‘proq “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning talablariga mos keladi va quyidagilarni qamrab oladi:

  • mamlakat hududlarining sanitariya muhofazasi (sanitar-karantin nazorati o‘tkazish va cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritish orqali ta’minlanadi);
  • infeksion kasalliklar o‘choqlarida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish, majburiy tibbiy ko‘riklar.