O‘zbekiston hali yana koyka-o‘rinlar va dori-darmonlar zaxirasiga ega. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan brifing davomida professor Habibulla Oqilov ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

8-iyul kuni o‘tkazilgan brifing davomida Habibulla Oqilov koronavirus infeksiyasi belgisiz o‘tayotgan bemorlarning uy va mehmonxonada davolanishiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi statsionarlarda ko‘yka-o‘rinlar qolmaganini ma’lum qilgandi.

“Aytgan barcha gaplarim to‘g‘ri. Va men o‘z so‘zlarimdan tonmayman. Pandemiyaning dastlabki kunlaridan hukumatimiz o‘z vazifasini bajarib kelmoqda. Koyka-o‘rinlar, dori vositalari zaxirasi mavjud. Hozirgi statistika davom etadigan bo‘lsa, zaxiralar yetmay qolishi mumkinligini aytmoqchi edik. Biroq hozirda sharoit yetarli. Har qancha bemorlarni qabul qila olamiz, biroq biz ularning sonini kamaytirishimiz kerak”, — deya aniqlik kiritadi Oqilov.

Brifingda so‘zga chiqqan Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov mamlakatda biror kasal ko‘chada qolmayotganini ta’kidlagan. U davlatning barchani davolashga imkoniyati borligini ma’lum qilgan va aholidan vaziyatni murakkablashtirmaslikni so‘ragan.

Avvalroq Habibulla Oqilov mamlakatda kuniga 1000 nafar bemor aniqlanadigan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash tizimi qulashini bildirgandi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekistonda koronavirus avj olsa, tibbiyot og‘ir vaziyatga tushib qolishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilinadi. 10-iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi.