“Sharite” universiteti tibbiyot kompleksi hamda Garvard universiteti professori Tobias Kurt “RBK”ga bergan intervyusida Germaniyada koronavirus qurbonlari sonining nisbatan kam ekanligini tushuntirib beruvchi ikkita omil mavjudligini ma’lum qildi.

Foto: Bloomberg

Birinchidan, Germaniya pandemiyaga yuqori tayyorgarlik holatida yondashgan.

“Bizda epidemiyaga qarshi tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt bor edi. Bizning sog‘liqni saqlash tizimimiz shundoq ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa-da, biz uni yanada kuchliroq mustahkamladik”, — deydi Kurt.

Epidemiologning ta’kidlashicha, Janubiy Yevropa davlatlari, masalan, Italiya kasallar sonining keskin ortishiga duch kelgan va ularni davolash uchun tibbiyot muassasalarida joy, xususan, sun’iy nafas oldirish apparatlari yetmay qolgan. Bundan tashqari, Germaniya Yevropaning boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq virus tarqalishining dastlabki bosqichidayoq uni sekinlashtirishga muvaffaq bo‘lgan, bu esa keksalarning kasalikka chalinishining oldini olishga xizmat qilgan.

Ikkinchidan, qurbonlar sonining kamligiga Germaniya jamoatchiligi va madaniyatining o‘ziga xos shakli sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada bir necha avlod vakillari bitta oilada yashashi kamdan kam hollarda uchraydi. “Janubiy Yevropa davlatlarida keksalar ko‘pincha oilaning boshqa a’zolari bilan birga yashaydi. Tabiiyki oilada bir kishi kasallikka chalinsa, virusning boshqalarga yuqish xavfi ortadi, keksa insonlarda esa o‘lim xavfi yuqori”, — deydi professor.

Kurtning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqida iqtisodiy faollik qayta yo‘lga qo‘yilgani bois koronavirusning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelish ehtimolligi yuqori, biroq uning oldini olish mumkin. Uning fikricha, kasallik ko‘payishining oldini olishni uchta kompleks chorasi mavjud: infeksiyaga chalinganlarni aniqlash va ularni izolyatsiya qilish uchun testlarni ko‘paytirish, kasallar bilan aloqa qilganlarni aniqlash uchun barcha imkoniyatni ishga solish va fuqarolarning ijtimoiy masofalanish hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada koronavirusga chalinganlar soni 197 ming kishidan, virus qurbonlari soni esa 9 ming kishidan oshgan.

Avvalroq butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 11 milliondan, qurbonlar soni esa 524,5 mingdan oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi.