DXX va prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bir fuqaroning haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishida yordam berish uchun pora talab qilgan harbiy qism ofitseri qo‘lga olindi. Bu haqda “Axborot 24” dasturida ma’lum qilindi.

Kadr: YouTube

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida joylashgan Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi mayor unvonidagi harbiy xizmatchi mahalliy fuqarodan shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga qabul qilinishiga yordam berish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u muqaddam boshqa bir fuqaroni shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishi uchun yordam berishini va’da qilib, 700 dollar olgani ham ma’lum bo‘lgan.

Mayor unvoniga ega ofitserning bunday noqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirishida vositachilik qilgan ayol ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Avvalroq Samarqandda tibbiy komissiyadan o‘tkazib berish evaziga 600 dollar pora olgan shifokor qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.