Toshkent shahridagi “Chorsu” bozorida oziq-ovqat do‘konida savdo qiluvchi tadbirkordan pora so‘ragan ma’muriyat xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar qilgan.

Foto: “Daryo”

Xabarga ko‘ra, 23-may kuni Toshkent shahar IIBBga xususiy tadbirkor B.M. ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida oziq-ovqat do‘koni joylashgan “Eski jo‘va” bozori ma’muriyati vakili undan ishini davom ettirishi uchun 500 AQSh dollari va 500 ming so‘mlik mevalarni talab qilgani haqida yozgan.

Ma’muriyat xodimi U.Y. savdo joylarini ko‘zdan kechirayotganda B.M. ijara pulini o‘z vaqtida to‘lamayotgani va savdo joyi chegaradan chiqqanini ma’lum qilgan va tadbirkor o‘z ishini davom ettirishni istasa “to‘lashi” kerakligini aytgan.

B.M.ning arizasiga binoan Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv bo‘limi iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘linmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Eski jo‘va” AJ bo‘lim mutaxassisi U.Y 500 AQSh dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

U.Y.ga nisbatan jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.