Turli texnika vositalari va qurilmalarini taqdim etib kelayotgan Xitoyning Xiaomi korporatsiyasi o‘z avtomobilini yaratgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Biroq shuncha kutilganiga qaramay, bu to‘laqonli mashina emas, balki Suzuki Jimny modelining 1:16 masshtabda kichraytirilgan o‘yinchoq modeli bo‘lib chiqdi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Xiaomi

Xiaomi’ning yangi avtomobil borasida tizeri ko‘pchilikning e’tiborini tortgan edi: Xitoy brendi “Avtomobil yaratish? Biz jiddiy!” deya izoh qoldirilgan yo‘ltanlamas surati orqali ommaning jig‘iga tegdi. Shu sababli kompaniya muxlislari haqiqiy mashinani kutayotgan edi — hatto Xiaomi Suzuki Jimny’ning maxsus versiyasini yaratayotgani borasida taxminlar ilgari surilgandi.

Foto: Xiaomi

Biroq aslida bu kutilganidan ham be’mani bo‘lib chiqdi: radioboshqariluvchi Jimny o‘yinchog‘ining narxi 26 dollar turadi. Xitoy bozorida ushbu o‘yinchoq 1-iyuldan paydo bo‘ladi. Yangi mahsulot anonsidan keyin Xiaomi matbuot xizmati kompaniya yaqin orada avtomobil bozoriga kirish niyatida emasligini ma’lum qildi.

Shunga qaramay, korporatsiya avtomobil brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Masalan, 2019-yilda Xiaomi va Haval hamkorligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgandi.