Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatga ikki kun ichida mamlakatda qattiq karantin joriy qilish haqida taklif kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiga tayanib “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Reuters

Koronavirusga qarshi kurash choralari yuzasidan 29-iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda To‘qayev davlat komissiyasiga mamlakatda mart oyidan may oyigacha amalda bo‘lgan qattiq karantinga o‘xshash choralarni ishlab chiqish va ularni joriy qilish yuzasidan taklif kiritishni topshirgan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston prezidenti hukumatga va hududlar rahbarlariga yuqumli kasalliklar bo‘limlarida va shifoxonalarida o‘rinlar sonini ko‘paytirish va dori vositalari taqchilligini bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan. Bunda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini yuz berishini inobatga olib, iyul oyining oxirigacha yuqumli kasalliklar bo‘limlarida va shifoxonalarida o‘rinlar sonini 50 foizga ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Prezidentning qayd etishicha, bu ishlarni amalga oshirish uchun hududlar xususiy va davlat tibbiy muassasalarining imkoniyatlarini ishga solishi kerak bo‘ladi. Hukumatga dori vositalari bilan ta’minlash masalasini hal qilish uchun besh kun muhlat berildi.

Shuningdek, To‘qayev hukumatni shoshilinch qarorlar qabul qilish bilan birga uzoq davom etadigan koronavirus pandemiyasiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. Shu sababli, o‘rta muddatli istiqbolda Qozog‘iston aholisining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha milliy reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinish bo‘yicha 21 327 ta holat qayd etilgan, 16 639 kishida koronavirus belgilarsiz kechayotgani aniqlangan, 183 kishi koronavirus qurboniga aylangan.