AQShda COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni Amerika armiyasining Birinchi jahon urushi davridagi yo‘qotishlaridan oshib ketdi. Bu haqda Associated Press’ga tayanib “RBK” xabar bermoqda.

Foto: salamnews.org

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda Birinchi jahon urushi davrida 116 516 kishi qurbon bo‘lgan.

Koronavirusga chalinish va undan vafot etish holatlari bo‘yicha statistikani yuritadigan Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda kasallik oqibatidan 116 905 kishi vafot etgan.

AQSh koronavirusga chalinganlar va undan vafot etganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda — mamlakatda 2,1 million kishi kasallikka chalingan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha undan keyin o‘rinlarni Braziliya (923 ming), Rossiya (544,7 ming), Hindiston (323 ming) va Buyuk Britaniya egallagan (qariyb 300 ming).

Dunyoda COVID-19 tufayli o‘limlar sonining qariyb chorak qismi AQShga to‘g‘ri keladi. Koronavirus qurbonlari soni eng yuqori bo‘lgan davlatlar beshligidan Braziliya (45,2 ming), Buyuk Britaniya (42 ming), Italiya (34,4 ming) va Fransiya (29,5 ming) o‘rin olgan.

May oyi boshlarida CNN Vashington shtati universiteti huzuridagi Sog‘liqni o‘lchash va baholash instituti hisob-kitoblariga tayanib AQShda koronavirus qurbonlari soni 134 ming kishiga yetishi mumkinligi prognoz qilingani haqida xabar bergandi.

Donald Tramp esa 30-may kuni Oq uyda yirik biznes vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda AQSh hududida koronavirus bilan kasallanish va uning oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim holatlari kamayayotganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 8 milliondan oshdi. Hozirga qadar dunyo bo‘ylab koronavirusga chalingan bemorlarning 3,8 milliondan ortig‘i davolanishga muvaffaq bo‘lgan, COVID-19 qurbonlari soni salkam 437 ming kishiga yetgan.