“Colta.ru” saytida mutaxassis Yekaterina Alyabayevaning koronavirus qay tarzda mutlaqo biologik asoslardan kelib chiqib bizning fuqarolar tengligi haqidagi tushunchalarimizni qayta ko‘rib chiqishga omil bo‘layotgani haqidagi tahlillari e’lon qilindi. “Daryo” ushbu maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Biz biologiyaga qandaydir aniq narsa deb ishonishga, o‘lchash mumkin bo‘lgan va moddiy narsa sifatida qarashga o‘rganib qoldik. Shu sababli ham hukumat pandemiya sharoitida undan fuqarolarning yangi siyosiy tasnifini tuzish maqsadida foydalanmoqda. Biroq ushbu favqulodda vaziyatda biologik tafovutlar qay darajada konstruktor bo‘la olishi yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Ular muayyan ekspertlarning va nazorat organlarining qarorlaridan hamda vaziyatdan qay darajada boxabar ekanidan kelib chiqadi.

Foto: EPA

Pandemiyaning eng avj olgan paytida pnevmoniyadan kasalxonadan tashqarida o‘lgan va yaqinlari mayyitni krematsiya qilishdan bosh tortgan peterburgliklarni 28-maygacha ikkita alohida qabristonning ajratib qo‘yilgan bo‘laklarida dafn etishdi. “Fontanka.ru” tayyorlagan reportaj qahramoni bo‘lgan Irina “Men onamni nimalar bilandir ishlov berilgan berk tobutda, bir ovloqdagi qandaydir qabristonda, xuddi itni ko‘mgandek ko‘mishni istamayman”, – degan va u onasining jasadini oddiy tarzda dafn etishga berishlarini talab qilib sudga da’vo kiritgan. Sudlashuv cho‘zilib ketgani bois mayyit o‘likxonada 30 kundan ham ortiq qolib ketgan va shu sababli ham unda birovga kasallik yuqishi mumkin emas edi – deyishgan Irinaga o‘likxona xodimlari.

Bu holat COVID-19 pandemiyasi asnosida biologiya va siyosat to‘qnash kelayotganining yorqin misolidir. Bu o‘rinda masalaning siyosiy tarafi ikkiga bo‘linib qolmoqda: bular biologik taqozo yuzasidan asoslangan siyosiy choralar (virus tarqalishiga to‘sqinlik qilish) va biologik xatarlar tufayli xavf ostida qolgan fuqarolik huquqlaridir.

Umuman olganda, umumjahon falokatlari davrida odamlar muayyan huquqlardan mahrum bo‘lishlariga ham chidab turishadi. Lekin aynan qaysi toifadagi fuqarolar o‘z “odatiy” huquqlarining muayyan qismida voz kechib, yon berishga majbur bo‘lishlarini kim va qanday tamoyillar asosida hal qiladi o‘zi? Bu savol boshqa savollarni ham keltirib chiqaradi: fuqarolarni tasniflash sistemasi pandemiya davrida qanday o‘zgardi va uning yangi tamoyillarini kim va qanday aniqlamoqda? Ushbu tamoyillar avvalgi notenglik modeli bilan qanday nisbatda? Kengroq oladigan bo‘lsak: pandemiya bizning ijtimoiylashuvimizni, ijtimoiy maqomlar sistemasini va rollarimizni qanday o‘zgartirishi mumkin?

Bu o‘rinda vaziyatni mavhumlik – biologiya aralashuvi chigallashtiryapti. Bu bilan bog‘liq noaniqlik o‘sha dafn marosimlari bilan bog‘liq misolda ham ko‘zga tashlanmoqda. Rasman alohida qabristonga dafn qilish borasidagi talab faqat koronavirus tufayli o‘lganlarga tegishli edi, lekin yuzlab odamlar arosatda qolib ketdi: ularda COVID-19 tashxisi qo‘yilmagan, lekin ularning o‘lim tafsilotlari shunga shubha uyg‘otadi.

Rasmiy jihatdan, ushbu yuzlab marhumlar COVID-19’dan vafot etganlar statistikasiga kiritilmagan, lekin alohida status ularga ham taalluqli deb olinadi, chunki bu marhumlarning tahlillari koronavirusga nisbatan manfiy natija bermagan. Boz ustiga, o‘limdan keyingi qilinadigan tahlillar natijalari odatda kech chiqadi va ko‘pincha bu natijalar tushunarsiz bo‘ladi. Irinaga berilgan hujjatda uning onasi jasadidan olingan biomaterial grippni aniqlash uchun tekshirilgani qayd qilingan va unda koronavirus haqida eslatib o‘tilmagan. Shunga qaramay, unga mayyitni berishmagan va dafn marosimini ham alohida o‘tkaziladiganlar ro‘yxatiga kiritishgan.

Foto: Google Photo

Sankt-Peterburgning bosh sanitar vrachi biologik xatar tufayli avvaliga koronavirusdan o‘lganlarni rus tobutlarda ko‘mish haqida qaror chiqargan, keyin esa qoidani o‘zgartirib, yopiq tobutda ko‘mishga o‘zgartirgan (lekin quyida ishlaydigan qog‘ozbozlarning bir qismi bundan bexabar). Keyin YTX oqibatida o‘lganlarni ham yoki pichoqbozlikdan o‘lganlarni ham, xullas, hamma vafot etganlarning dafn etilishini vidolashuv marosimisiz o‘tkazishga buyruq bergan va tez orada fuqarolarning bosimi ostida hamma gapini qaytib olgan.

Vafot etgan odam jasadi necha kun mobaynida virus tarqatishi mumkin? Umuman, dafn etilgan mayyit virus manbayi bo‘ladi deb o‘ylashga asos bormi? JSST tavsiyalarida hech qayerda yo‘q bo‘lgan alohida qabristonlar qilish o‘zi nimaga kerak? Bularning barchasi – mavhumlik bo‘lib turibdi.

Shu bilan birga, gap-so‘zlarga qaraganda, COVID-19’dan o‘lganlarning yaqinlariga bepul krematsiya uchun maxsus to‘lov berilayotgan emish va shu sababli ham o‘lgan odamni yoki kasalni koronavirusga chalingan deb ko‘rsatilsa, doktorlarga ustama, marhumning qarindoshlariga esa kompensatsiya berilar emish.

Fuqarolarning yangi toifasi – huquqlari cheklanganlar va aksincha, imtiyozlarga ega bo‘lishi kerak bo‘lganlar shu tariqa biologiyaga (aniqrog‘i, bir-biri bilan biologiya borasidagi tasavvurlari o‘zaro mos kelmaydigan odamlarga) bog‘lab qo‘yilgan. XXI asr ijtimoiy fanlarida bu narsani “biologik fuqarolik” deyiladi. Pandemiya “biologik fuqarolik”ni yangi tamoyillarini ta’sis etmoqda: biologik va siyosiy tushunchalarni uyg‘unlashtirgan holda bir toifa fuqarolarni yakkalab qo‘yyapti va boshqalarini guruhlab qo‘ymoqda.

Biofuqarolik

“Biologik fuqarolik” (BF) tushunchasini birinchi marta antropolog Adriana Petrina tomonidan 2002-yilda Chernobil falokatining ukrainaliklarga ta’siriga bag‘ishlangan kitobida qo‘llangan edi. Bu terminning o‘zi esa “ijtimoiy fuqarolik” tushunchasiga borib taqaladi – bu tushuncha XX asr o‘rtalarida sotsiolog Tomas Marshall tomonidan muomalaga kiritilgan bo‘lib, uni fuqarolarning davlat bilan yoki bir ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarning boshqa bir guruh bilan muayyan huquqlar uchun kurashida yuzaga keladigan o‘zaro ta’sirlardagi ijtimoiy amaliyotni ifodalash uchun faol qo‘llab kelishgan (Turner (1990) 194s). Davlatdagi ijtimoiy fuqarolikni g‘oyaviy darajada ham, siyosat darajasida ham uchratish mumkin, u amaliy harakatlarda ham namoyon bo‘ladi.

Foto: Google Photo

Zamonaviy ilmiy muomalada “reproduktiv fuqarolik”, “gender fuqaroligi”, “irsiy fuqarolik” singari tushunchalar kiritilgan bo‘lib, ularning har biri jamiyatdagi gender tengligi, farzand ko‘rish yoki irsiy kasalliklar borasidagi huquq va majburiyatlar yuzasidan mavjud bo‘lgan notenglik masalalariga urg‘u qaratadi.

Petrinaning ilmiy ishida Chernobil AES falokati natijasida salomatlikka yetkazilgan zarar va ko‘rilgan jabr haqida so‘z boradi: bunda fuqarolarga imtiyozlar berilgan, kompensatsiya huquqi va muayyan chegirmalar taqdim qilingan, oxir-oqibatda bu narsa mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy davrni yengib o‘tishga imkon berdi. Tadqiqotchi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning 3,5 million aholisi (7 foiz) ijtimoiy ko‘mak olgan. Bundan tashqari, bir xil darajada zarar ko‘rganlik, fuqarolarni yangicha o‘zaro o‘xshashlik asosida birlashuviga va o‘z manfaatlarini ilgari surishiga xizmat qiladi. Bunday manfaatlarning shakllanishiga, fuqarolarning davlat bilan munosabatlarda o‘z huquqlarini talab qila boshlashida tibbiyot asosiy ahamiyat kasb etadi.

2004-yilda Petrinadan mustaqil ravishda “Biologik fuqarolik” terminini sotsiologlar Nikolas Rouz va Karlos Novas tomonidan shu nomli hammualliflik essesida ham taklif qilingan edi. Bu esse ko‘p jihatdan Mishel Fuko merosiga borib taqaladi. Ular ham zamonaviy tibbiy texnologiyalarning ahamiyatiga e’tibor qaratadi. Individlar o‘zining muayyan kasalliklarga moyil ekani haqida bilish imkoniga ega bo‘ladi va shu tarzda avvallari “taqdir”ning kompetensiyasi deb qaralgan narsalar ustidan nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishadi va “somatik individuallik” kasb etib olishadi. Genomikadagi inqiloblar BFni yangicha mazmun bilan boyitadi: biologik fuqarolik bu – o‘zining biologik mavjudligi haqidagi barcha axborotga ega bo‘lgan va o‘zining biologik kelajagi qanday davom etishini erkin hal qiladigan fuqarolardir (Rose, Novas, (2004) 458s).

Rouz va Novas izohiga yaqin izohni 2012-yilda tibbiy antropolog Margaret Lokk ham o‘z maqolasida keltirib o‘tgan. U “irsiy fuqarolik” haqida so‘z yuritishni taklif qiladi va bunday fuqarolikka individga o‘z hayotini ratsional o‘zgarishlarga aylantira olish imkonini beruvchi genetika texnologiyalari vositasida erishishi mumkinligini ta’kidlaydi. Biotexnologiyalar avvallari nogironlarning yoki ularning oilalarining “aybi” sifatida qaralgan kamyob kasalliklarni me’yorlashtirish uchun xizmat qiladi.

Irsiy fuqarolik, shuningdek, kamyob kasallikka chalingan bemorlar o‘rtasidagi birlashmalarni tashkil qilinishida ham ko‘zga tashlanadi (Lock, (2012)). Lokk antropolog Pol Rabinovga tegishli nisbatan eski termin – “bioijtimoiylik”ka ham murojaat qiladi. Bioijtimoiylik bu individlarning o‘z identifikatsiyasini muayyan xromosoma anomaliyalariga ko‘ra belgilaydigan birlashuvlari fenomenidir (Rabinow (1996)). Biotexnologiyalarning jamiyatdagi va ijtimoiy fanlardagi ahamiyatiga urg‘u qaratgan holda Lokk shoir Gabriel Guddingning 1996-yildagi essesidan iqtibos keltiradi: “Ehtimol, qachondir bir kun kelib, biografiyalar struktura kimyosi nuqtayi nazaridan yozila boshlansa kerak” (Lock, (2012) 131s).

Foto: Google Photo

COVID-19 pandemiyasi davrida BF

Jahon va Rossiyada pandemiyaga qarshi kurash davrida eski ijtimoiy statuslarni ikkinchi planga olib tashlaydigan va yangilarini joriy etadigan yangicha biologik fuqarolik amal qilmoqda – hozirdagi yangicha cheklov va huquqlar aynan shu yangicha biologik fuqarolikdan kelib chiqadi.

Nega u aynan biologik ekani muhim? Agar gap salomatlik haqida emas, balki mol-mulkdan va daromad manbayidan butunlay mosuvo bo‘linishi haqida borganda nima o‘zgarardi? Bu holda ko‘rilgan zarar va uning oqibatlarining “bilib bo‘lmaydigan”, “ehtimoliy” jihatlari omili yo‘q bo‘lardi. Bu narsa Petrinaga ko‘ra, prinsipial muhim (Petryna (2002b) 254, 265 s) hisoblanadi va COVID-19 holatida ham ahamiyatlidir.

Aytaylik, karantin tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy omillar oqibatida ishdan ayrilish natijasida kelib chiqqan yo‘qotishlarni hisoblash ham oson emas, chunki bunda talab qanday bo‘lgan bo‘lardi, pandemiya qancha davom etadi – shu singarilar noma’lum bo‘ladi. Lekin bu holatda hech bo‘lmasa oylik eng kam daromad yoki minimal ijtimoiy savatchaga tayansa bo‘ladi. Shuningdek, bu o‘rinda tasodifiy tabiiy ofatlar oqibatlarini baholashda qo‘llanadigan usullarga suyanish ham mumkin. Garchi nurlanish kasalligi yoki yangi virus bilan bog‘liq tadqiqotlar juda oz bo‘lsa-da, tayyor ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun davlat amaldorlariga olimlar bilan (radiologlar va epidemiologlar) bilan izchil hamkorlik qilishga hamda ularning situativ ekspertizasiga suyanishga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu tarzda yangicha ijtimoiy statuslar shakllanyapti va shunga muvofiq yangicha cheklov hamda huquqlar yuzaga kelyapti. Masalan:

  • COVID-19 status: gumonlanuvchi-1 (chet eldan kelgan, kasallar bilan aloqada bo‘lgan), gumonlanuvchi-2 (alomatlarga ega, lekin aloqada bo‘lmagan), kasallangan (COVID-19+), manfiy (virusga qarshi testlari natijasi manfiy), xatar guruhida, tuzalgan, kasallanmagan-sog‘ (antitana testi), potensial tashuvchi/xavfli (inkubator), o‘pkasiga sun’iy nafas berilmoqda, COVID-19’dan o‘lgan, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimi, COVID-19 bilan ishlamagan tibbiyot xodimi va boshqalar;
  • Cheklovchi choralar va imtiyozlar: (mamlakatlar bo‘yicha farq qiladi): haroratning ko‘tarilishi, majburiy gospitalizatsiya, pul ko‘rinishidagi kompensatsiya (har xil summalar), to‘lovlar, ishlashni taqiqlash, ruxsatnoma, braslet, kuzatuv kameralari, taqiqlovchi tasmalar, masofa saqlash belgilari (pollarda), patrul, niqob/qo‘lqop taqishni nazorat qilish, antiseptiklardan foydalanish, jarimalar va hokazo.

Aynan bir xil COVID-19 statusi turli hududlarida turlicha ijtimoiy statusni bildirishi mumkin. Megapolislarda qarindoshlardan birida virus aniqlansa, bu narsa eng yaxshi tibbiy xizmatdan foydalanish uchun ijtimoiy aloqalarni safarbar qilishga va ko‘ngillilar yordamidan foydalanishga huquq beradi. Lekin qarag‘andalik (Qozog‘iston) shifokorning aytishicha, ularning oilasida COVID-19 bilan kasallangan butunlay yakkalanib qolmoqda va ularga hatto qarindoshlari ham yordam bermayapti. “Odamlar nimaga yakkalanib qolayotganini tushunmayman. Bu kasallik odamning na ijtimoiy ahvoli, na aqli va mol-dunyosiga qaramaydi”, – degan u.

Foto: Google Photo

Bu misolda, ayniqsa, kasallik tufayli “aybdorlik” yoki javobgarlik masalasi qiziq. Lokk va Rabinov ham qayd etganidek, AQShdagi kamyob kasalliklar bilan bo‘lgan holatdagi kabi kasallikning genetik xarakteri muhim legitimlovchi omil bo‘lib chiqdi va u orqali ko‘mak olish mumkin bo‘ladi. COVID-19 bilan holatda esa kasallik uchun javobgarlik individlarning o‘zining yelkasiga tushishi mumkin va bu narsa ularni ko‘mak olish imkonidan mahrum qiladi (kabob yegani borib, Kursheveldan vaqtida qaytmagan),  “kalta o‘ylab” ish ko‘rganlik va kasallanish fakti orasida qandaydir bog‘liqlik borligini baholash imkonini beradigan hech qanday ilmiy ma’lumotlar yo‘q bo‘lsa-da.

Qarag‘andalik shifokor bu singari sabab-oqibat bog‘liqligini tuzishning asossizligiga e’tibor qaratmoqda va “virus uchun hamma bir xil” ekaniga, eskicha notenglik shakllari bu o‘rinda ahamiyatsiz bo‘lib qolishiga urg‘u beryapti (eskicha notenglik shakllari o‘zini qanday namoyon qilayotgani haqida Sergey Guriev yozgan).

Tasniflar harakatda va pandemiya mobaynida bir necha marotaba o‘zgardi. Masalan, o‘z-o‘zini cheklash rejimida axlat tashlagani chiqish va itni aylantirish mumkinligi haqidagi e’londan keyin it juda qadrli resursga aylandi. Odamlar sanksiyalar ostida qolish xavfidan xoli ravishda uydan chiqish imkoniga ega bo‘lish uchun itni bir-biriga berib turish yoki zudlik bilan it xarid qilish borasida muhokamalarga kirishib ketdi. Lekin ko‘p o‘tmay it haqida unutildi: birinchidan, sanksiyalar hamma joy uchun ham tatbiq qilinmadi, aksincha, nuqtaviy qilindi; ikkinchidan, it borligi politsiyani ko‘chada odamlarni tutib ketishi uchun to‘sqinlik qila olmadi.

Biokapital

Biologik fuqarolik olish yoki unga ko‘nikish jarayonida yangicha siyosiy iqtisod yuzaga keladi. Biologik o‘ziga xosliklar biokapitalga aylanadi va o‘z navbatida u ham pul, mahsulot, bepul tibbiy xizmat (yoki oliygohlarga kirishdagi imtiyoz, ya’ni kompensatsiya shakllaridan biri sifatida taqdim qilinadigan ijtimoiy liftlar)larga konvertatsiyalanadi. Chernobil fojiasidan zararlanganlarga tibbiy xulosa bergan shifokorlardan biri “Men yozadigan diagnoz bu – pul”, – degan edi (Petryna (2002b), 263s).

Rossiyada pandemiya davrida jabr ko‘rgan va kompensatsiya yoki qo‘shimcha haq olishi belgilangan fuqarolarning bir necha toifasi ajratilgan (masalan, tibbiyot xodimlari). Shu bilan birga, COVID-19 yuklamasini qanday hisoblash borasida katta noaniqliklar mavjud. Uni bemorlar sonidan kelib chiqib belgilash kerakmi yoki kasallar bilan ishlashga ketgan vaqt davomiyligidanmi? Qo‘shimcha to‘lovlarni tibbiyot xodimlarining malakasidan kelib chiqqan holda qanday taqsimlash kerak va tez tibbiy yordam shifokorlariga ham bunday to‘lovlar berilishi kerakmi?

Yangi ijtimoiy identifikatsiyalar shakllanmoqda va shaxsiy va ijtimoiy tushunchalar chegarasi o‘zgaryapti. Odamlar o‘z tashxisi haqida gapirib beryapti (analiz natijalari fotosuratlarini joylashmoqda) yoki holatlari haqida ma’lumot qo‘yishyapti (antitana tahlili natijalari), xullas, maxfiy tibbiy hujjatlarni ochib yuborishmoqda va ijtimoiy tarmoqlar orqali bemor o‘zini qanday his qilishi bilan bog‘liq fiziologik o‘ziga xosliklarni bayon qilishyapti. Avvallari bu narsa faqat mamlakatning birinchi rahbarlari yoki shou-biznes yulduzlari singari taniqli shaxslarga nisbatan qo‘llanar edi. Masalan, o‘tmishdan misol tariqasida Stalinning salomatligi haqidagi byulletenlarni yodga olish mumkin.

Siyosiy institutlarning legitimlanishida ilm-fan/biologiyaning ahamiyati ortgani kuzatilmoqda. Pandemiya davrida BF nazorat choralarini legitimlashga yordam beryapti va “hayot bebaho”, “keksalarni avaylang”, “bolalar haqida qayg‘uring, bu hali kelajakda nima asorat berishi noma’lum” singari hech kim bahslasha olmaydigan qadriyatlarni qayta yuzaga chiqaryapti. BF optikasi orqali qaralsa, qadriyatlarning biologik asoslari asosiy planga chiqayotgani seziladi.

Rivojlangan davlatlarda emansipatsiya, multimadaniyat, siyosiy boadablik ustidan g‘alaba qozonilgan XXI asr bo‘lishiga qaramay, hukumat, albatta, bizning tanamiz haqida qayg‘urishi kerak. Biz tibbiy maxfiylikni hurmat qilamiz, yaxshi tanimaydigan odamlarimizning tashqi ko‘rinishini muhokama qilishni unchalik to‘g‘ri emas deb hisoblaymiz, ofislardagi dress-kod va konditsionerlarni tanqid qilamiz hamda etika, chegaralar va zo‘ravonlik borasida xavotir olamiz.

Lekin birdaniga sizga qorovul qo‘lingizni tozalashingiz uchun antiseptikni namoyishkorona beradigan va yangi niqob taqishni talab qilib, harorat o‘lchagichni ham peshonangizga taqaydigan (ba’zan esa qo‘ltig‘ingiz orasiga joylashni aytadigan) dunyoda bo‘lib qolish qanday ekan? Transportda yo‘tal tutib qolgan odamni boshqalar urib tashlashi mumkinligi haqida ko‘p yozdik. Ishxonada hamkasblarga yoki restoranda o‘z oila a’zolaringizga ham yarim metrdan yaqin kelsangiz, sizga tanbeh berishlari mumkin. Jismlar orasidagi masofa borasida reglament mavjud.

Mayatnik keskin chayqaldi va endi bu uzoq vaqt davom etishi mumkin.