O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ulug‘imsan – Vatanim!” respublika yangi qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e’lon qilindi, deb yozadi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

“Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘i ijrochisi Sevara Nazarxon.

Foto: “Afisha.uz”

Madaniyat va san’at sohasi vakillarining “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovi negizida “Ulug‘imsan – Vatanim!” respublika yangi qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

“Ulug‘imsan – Vatanim!” respublika yangi qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita va ijodiy-ishchi guruhi tarkibi, tanlov nizomi tasdiqlanadi.

Quyidagilar tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirish;
  • tanlovni zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda teleloyiha shaklida yuqori badiiy saviyada o‘tkazish uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • tajribali rejissorlar, taniqli san’atkorlar, bastakorlar, shoirlar va boshqa malakali mutaxassislarni jalb etish;
  • san’at olamiga kirib kelayotgan iste’dodli yoshlar tomonidan ijro etilgan milliy g‘urur va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni targ‘ib etuvchi yangi qo‘shiqlari bilan ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratish.

Belgilab qo‘yilishicha, tanlovning saralash hamda yakuniy bosqichini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar, tanlov bo‘lib o‘tadigan joyni maxsus loyiha asosida badiiy bezash ishlarini amalga oshirish hamda tanlov g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash, hay’at va saralash komissiyasi a’zolarining xizmat haqlari Madaniyat vazirligining madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun har yili nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga:

  • tanlovning veb-saytini yaratish va tanlov ishtirokchilarining barcha hujjatlarni sayt orqali rasmiylashtirish;
  • mazkur tanlov logotipi hamda sovrindorlarga topshiriladigan diplom, sertifikat va statuetka namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • tanlovni yuqori badiiy saviyada o‘tkazish, tantanali ochilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimlarini tashkil etish vazifalari yuklatiladi.
  • O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmuni va ahamiyatini keng yoritish hamda tanlovni zamonaviy yondashuv asosida teleloyiha shaklida o‘tkazilishini tashkil etadi.