AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida yuzaga kelgan falokat sababli hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Donald Tramp o‘z maktubida Sardobadagi falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID tomonidan mablag‘ ajratilganini ta’kidlab o‘tgan.

Shuningdek, AQSh prezidenti koronavirus pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlar uchun O‘zbekiston tomonidan yordam so‘ralganini qayd etib, mazkur so‘rov tez fursatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun o‘z ma’muriyatiga ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan.

Quyida Donald Tramp tomonidan yo‘llangan maktub matni to‘liq taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

Sizga va 2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborining to‘g‘oni qisman qulashi oqibatida jabrlanganlarga hamdardlik bildiraman. Suv ostida qolgan uylar, ko‘chirilgan aholi, vayron bo‘lgan yo‘llar va fermer xo‘jaliklari tasvirlarini ko‘rish qalbni larzaga soladi.

Shaxsiy e’tibor va tezkor choralar ko‘rish orqali siz liderlik xususiyatlarini namoyish etdingiz. Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ham ushbu fojiaga javoban darhol chora ko‘rdilar va ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz uchun mablag‘ ajratdilar.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu mushkul paytda O‘zbekiston va uning xalqiga yelkadoshdir.

Shu bilan birga, koronavirusga qarshi kurashda birgalikda ish olib borar ekanmiz, ushbu mudhish pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar uchun yordam bo‘yicha so‘rovingiz tez fursatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun ma’muriyatimga ko‘rsatma berdim.

Hurmat bilan,

Donald Tramp,

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti

Eslatib o‘tamiz, AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID qoshidagi Tabiiy ofatlarda yordam ko‘rsatish boshqarmasi orqali Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi toshqin oqibatida jabr ko‘rgan aholiga ko‘mak berish uchun 100 ming dollar ajratayotgani haqida xabar berilgandi. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum 29-may kuni Sardoba suv ombori o‘pirilishi sababli “Sog‘lom avlod uchun” nodavlat xayriya jamg‘armasiga zarur vositalarni topshirdi.

Bundan tashqari, USAID koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga fevralmart va aprel oylarida yordam ko‘rsatdi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19’ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga berildi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSh hukumati USAID orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratishi ma’lum qilindi. USAID 5-iyun kuni O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga koronavirus testi o‘tkazish uchun zarur vositalarni yetkazib berdi.

Bundan tashqari, AQSh hukumati USAID orqali COVID-19 pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda muhojirlarni himoya qilish uchun 2 million dollar ajratishni rejalashtirgan.