Xivada fuqaroni qo‘rqitib, 1 milliard so‘m talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, J.B. ismli shaxs boshqa bir fuqaroning G. ismli tanishi bilan jinsiy aloqada bo‘lganligi tasvirlangan videosi borligini aytib, agar yil boshida 500 million so‘mga sotgan bino-inshootini 1 milliard so‘mga qayta sotib olmasa, tasvirlarni internetda tarqatish bilan qo‘rqitgan.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xiva tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda J.B. 90 million so‘m va 20 ming AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan J.B.ga nisbatan tovlamachilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkentda 22 yoshli qizning ehtirosli suratlarini internetga tarqatish bilan qo‘rqitib, 800 dollar talab qilgan yigit ushlangani haqida xabar berilgandi.