“Toshshahartransxizmat” avtobuslar harakatining dastlabki kunlarida ayrim yo‘nalishlarda karantin qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi holatlari kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Telegram

“Koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablarining yumshatilishi belgilangan me’yorlar bekor qilindi degani emas. Afsuski, avtobuslar harakatining dastlabki kunlarida ayrim yo‘nalishlarda karantin qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi holatlari kuzatilmoqda.

Aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari, biror sabab bilan ko‘chaga chiqqaningizda sanitariya va gigiyena qoidalariga jiddiy amal qiling. Avtobusda, albatta, tibbiy niqobda bo‘ling. Salonda ijtimoiy masofani saqlang”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 4-iyunda e’lon qilingan Respublika maxsus komissiyasining qarorida 15-iyundan hududlararo avtobus qatnovlariga ham ruxsat berilishi, biroq shahar jamoat transporti harakatiga cheklov saqlanib qolishi qayd etilgandi. Keyinchalik 5-iyunda O‘zbekistonda 8-iyundan “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida harakatlanishga ruxsat berildi. Toshkentda avtobus haydovchilari uchun qo‘yilgan kunlik “plan” bekor qilindi. Shahar bo‘ylab transport qatnovlari avtobuslarda amalga oshiriladi, ular poytaxt ichida hamda Toshkent viloyatining “qizil” toifaga kirmagan hududlari yo‘nalishlari bo‘yicha qatnaydi.