O‘zbekiston hukumati 1-iyuldan boshlab Dushanbe bilan muntazam aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish borasida Tojikistonni ogohlantirdi. Hukumatning bu boradagi rasmiy maktubi Tojikiston Transport vazirligiga taqdim etilgan, deb xabar beradi Asia-Plus.
Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnovlar koronavirus tarqalishi xavfining oldini olish maqsadida 16-mart kuni to‘xtatilgan va boshqa qo‘shni davlatlar kabi Tojikiston bilan ham chegaralar yopilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1-iyundan “sariq” va “yashil” hududlarda sport to‘garaklari, fitnes klublar va sport zallari faoliyatiga ruxsat berilgan, 2020-yil 4-iyun kuni 8-iyundan masjidlar, 15-iyundan restoran va bog‘chalar ochilishi haqida respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilingan. Shuningdek, 1-iyundan boshlab “sariq” va “yashil” hududlarda ichki turizm o‘z ishini qayta boshladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha birinchi holat 15-mart kuni aniqlangan edi. Hozirda mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 4022 kishini tashkil etmoqda, 3247 bemor koronavirusdan butunlay sog‘aygan, 16 nafar bemor esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.