O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan aviaqatnovlarini qayta tiklash uchun uchun “qizil”, “sariq” va “yashil” reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu mamlakat hududlarining karantin darajasiga bog‘liq ravishda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga bo‘linishi kabi bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lgan mamlakatlardan faqat “qizil” reyslar — O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish uchun amalga oshiriladi. Epidemiologik xavf o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlardan “sariq” reyslar amalga oshiriladi. Parvozlar nisbatan doimiy asosda amalga oshirilishi mumkin, biroq barcha yo‘lovchilar karantinga olinadi.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazoratga olingan mamlakatlardan esa “yashil” reyslar amalga oshiriladi.

“Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy — u yerlarda yangi holatlar qayd etilmayapti yoki barcha narsa tegishli tibbiy va sanitar xizmatlarning to‘liq nazorati ostiga olingan. Bu mamlakatlar bilan bosqichma-bosqich xalqaro aviaqatnovlarni tiklash va O‘zbekistonga sayyohlik guruhlarini tashkil qilish mumkin”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Aziz Abduhakimov 27-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga turizm sohasidagi loyihalarni taqdim etgandi. Ushrashuvda 16-martdan boshlab mamlakatning xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun yopilgani sababli 1500 dan ortiq turoperator va 1200 ta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatgani qayd etilgandi. Bu esa 250 mingdan ortiq odamning daromadiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan.

Davlat rahbariga Uzbekistan. Safe travel guaranteed (“O‘zbekiston. Kafolatlangan xavfsiz sayohat”) loyihasi taqdim etildi. Loyiha sayyohlar uchun sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimini aks ettiradi.

Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birga turistik va yondosh obyektlarda xavfsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha davlat standartlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Choralar shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanishni, ijtimoiy masofaga amal qilishni, xavfsizlikni ta’minlash uchun qurilmalar va uskunalarni joriy qilishni nazarda tutadi.

Davlat ixtiyoridagi obyektlarda bu choralar majburiy tartibda joriy qilinadi. Bu obyektlarga nazorat-o‘tkazish punktlari, aeroportlar, temiryo‘l va avtomobil vokzallari, davlat moddiy-madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatrlar va boshqalar kiradi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining ijobiy xulosasini olgan obyektlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xavfsiz turizm obyektlari reyestriga kiritiladi.

Tadbirkorlik subyektlari uchun ixtiyoriy asosda sertifikatsiyadan o‘tish tizimi ishlab chiqiladi. Mehmonxonalar, kafelar, restoranlar, xususiy madaniy muassasalar va sayyohlar uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar obyektlar egalari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi markazga ariza berishi kerak bo‘ladi. Sertifikat standartlarga mos keladigan obyektlarga beriladi. Sertifikat olgan obyektlar ham Xavfsiz turizm obyektlari reyestriga kiritiladi.

Bundan tashqari, jamoatchilik tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh tuziladi va bu guruh obyektlarda sanitariya me’yorlari va qoidalariga amal qilinishi yuzasidan monitoring olib boradi. Shuningdek, ishchi guruh Xavfsiz turizm obyektlari reyestrini kengaytirish bo‘yicha takliflar beradi.

Turoperatorlar faqat Xavfsiz turizm obyektlari reyestriga kiritilgan obyektlarga sayohatlar tashkil qilishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, turistlarning harakatlanish yo‘nalishini kuzatish uchun mobil dastur yaratish rejalashtirilmoqda. Uzbekistan. Safe travel guaranteed loyihasi xorijiy fuqarolarni infeksion kasalliklardan sug‘urta qilish tizimini joriy etishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, hukumat Uzbekistan. Safe travel guaranteed brendi ostida marketing strategiyasini ishlab chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyundan O‘zbekistonning “yashil” va “sariq” hududlarida ichki turizmga ruxsat etildi. Shu sanadan boshlab mazkur hududlarda turoperatorlar, turizm agentliklari, mehmonxona va boshqa joylashtirish obyektlari, madaniy, madaniy meros obyektlari va boshqalar sanitariya-gigiyena me’yorlari va talablariga qat’iy amal qilgan holda o‘z faoliyatini boshladi. Turizmni qayta tiklash uchun mazkur soha vakillariga Prezident farmoni bilan bir qator imtiyozlar va subsidiya dasturlari taqdim etildi. Shuningdek, 1-iyundan boshlab “yashil” hududlarda sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga ham ruxsat berildi.