Toshkent viloyatining Bekobod shahri va Bekobod tumanlarini bog‘lovchi 2-sonli blokpostda 2-iyun kuni Lacetti avtomobilida harakatlanib kelayotgan ikki fuqaro Davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi (DSEOM) xodimlarini haqoratlab, kamsitgan. Ushbu holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Videolavhada Lacetti’dagi fuqarolar blokpostdagi xodimlarni haqorat qilib, turli gaplarni gapirib, so‘ng yo‘lda davom etganini ko‘rish mumkin. Toshkent viloyati IIBBdan ma’lum qilishlaricha, ushbu shaxslarga nisbatan shu kunning o‘zida Bekobod shahar ichki ishlar organlari tomonidan tegishli hujjatlar to‘planib, Bekobod shahar ma’muriy sudiga yuborilgan.

2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida ushbu ikki fuqaroning har biri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish), 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismi, 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Avvalroq Toshkent viloyatida birgina 29-may kuni karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1,4 mingta holat qayd etilgani, O‘zbekistonda karantin tadbirlari boshlanganidan buyon viloyatda 15 mingdan ortiq avtomobil jarima maydonchalariga joylashtirilgani haqida xabar berilgan edi.