Xorazm viloyati Urganch shahrida 2 yoshli farzandini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 23 yoshli ayol 2018-yilda tug‘ilgan farzandini 7 700 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 13 yoshli farzandini 15 ming dollarga pullayotgan ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.