Ijtimoiy tarmoqlarda davlat koronavirusga chalingan bemorlar uchun xarajatlar jarimaga qo‘yilgan avtomobillardan undiriladigan jarimalar hisobidan qoplanayotgani haqidagi gap-so‘zlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 25-may kuni o‘tkazilgan brifingda bunday fikrlarga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

“Bir narsani aniq bilish kerak: davlat bu jarimalardan tushadigan mablag‘larga muhtoj emas. Jarimalarni qo‘llashdan asosiy maqsad — bu kabi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldini olish. Odamlarning moddiy nuqtayi nazardan mas’uliyatini oshirish bo‘lyapti. Shunday ekan, bu yerda masalaning ikkinchi tomoni turibdi.

Deylik, jarima maydonida mashinasi turgan haydovchining davlat qonunini buzishga nima haqi bor edi? U nima uchun davlat qonunini pisand qilmadi? Siz bilan bizning salomatligimizni xavf ostiga qo‘yishga uning haqi bormidi? Mana shu savollarni ham o‘ylab qo‘yishimiz kerak bo‘ladi”, — dedi Nurmat Otabekov.

Hozirda 45 455 kishi karantinda va ularning har biri uchun 2,2 million so‘mdan ajratilgan, bu jami 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etadi.

“Bu kabi katta mablag‘larni jarimadan undirib, shuning hisobidan qoplash mumkinmi? Bularning hammasi davlat hisobidan ketayotgan xarajatlardir. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, davlat sizning mablag‘ingizga muhtoj emas. Eng asosiysi — qonunni buzishga va boshqalarning salomatligini xavf ostiga qo‘yishga haqingiz yo‘q. Qonunga nisbatan bepisand munosabatda bo‘ldingizmi, shunga yarasha javobini berishingiz kerak bo‘ladi”, — degan Nurmat Otabekov.

Avvalroq O‘zbekistonda COVID-19 bemorlari va karantinga olinganlar uchun 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani xabar berilgandi.