Business Today nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi Hindistonda avtomobillar savdosining falokatli darajada tushib ketishiga olib kelgan. Aprel oyida ilk bor nol daraja qayd etildi, deb xabar beradi Motor.
Hindiston avtomobilsozlik sanoati tarixida ilk bor mahalliy ishlab chiqaruvchilar mamlakat ichida birorta yengil mashina sotmagan. Aprel oyida juda kam miqdorda eksport operatsiyalari qayd etilgan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarining savdosi bo‘yicha bitimlar tuzilgan. Mahalliy bozor yetakchisi Maruti Suzuki kompaniyasi 2020-yilning mart oyida Hindistonda 79 ming avtomobil sotgan edi, 4700 mashinani esa eksport qilgan. Aprel oyida esa raqamlar mos ravishda 0 va 632 avtomobilni tashkil qildi. Boshqa kompaniyalarning ahvoli ham u qadar yaxshi emas: Mahindra & Mahindra kompaniyasi 733 nusxa mashina eksport qilgan bo‘lsa, 4800 ga yaqin traktor sotgan.
Ikki hafta oldin Yevropa avtomobilsozlik assotsiatsiyasi mart va 2020-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan hisobotni e’lon qilgandi. Hujjatga ko‘ra, aprel oyida pandemiya sabab avtomobil bozori tarixdagi eng yomon ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan (-55,1 foiz). Birinchi chorakda yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish 25,6 foizga qisqargan.
Savdolarning eng katta pasayishi Italiya (-85,4 foiz), Fransiya (-72,2 foiz) va Ispaniyada (-69,3 foiz) kuzatilgan. Germaniyada esa savdolar 37,7 foizga tushib ketgan.