Namangandan tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Buxoro viloyati va suv ombori toshishi tufayli aholisi evakuatsiya qilingan Sirdaryo viloyatiga 11 ta yuk avtomashinasidan iborat ko‘mak karvoni yuborildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Hamdam Mamadaliyev

Xayriya karvoni boshpanasiz qolgan sirdaryoliklarga umumiy qiymati 1,7 milliard so‘mlik oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kiyim-kechak va ko‘rpa-yostiq olib ketgan bo‘lsa, Buxoroga 450 million so‘mlik qurilish materiallari jo‘natildi.

Foto: Hamdam Mamadaliyev

Mazkur karvonning shakllanishiga Namangan shahri tadbirkorlari katta hissa qo‘shdi. Jumladan, Sirdaryoga Aisha Home Textile korxonasi 250 million so‘mlik, “Namangan porloq ta’mirlash servis” MChJ 160 million so‘mlik, Buxoroga esa “Mexmash” MChJ tomonidan 125 million so‘mlik o‘zlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ajratildi.

Foto: Qodirxon Bobomirzayev

Namangandan jo‘nagan ko‘mak karvonini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi mutasaddilar kuzatib qo‘ydi.

Foto: Hamdam Mamadaliyev

Yoshlar Ittifoqi Namangan viloyat kengashi va viloyat “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan ham Sirdaryo viloyatining Sardoba tumaniga “Saxovat karvoni”ni yuborishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Foto: Yoshlar Ittifoqi Namangan viloyat kengashi

7-may kuni yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan karvondan namanganlik yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlari va qurilish mollari joy oladi.

“Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulovning xabar berishicha, 3-may kuni sirdaryoliklar uchun Andijon viloyatidagi shahar va tuman hokimliklari tashabbusi bilan jami 4 milliard so‘mlik navbatdagi insonparvarlik ko‘magi yuborilgan.

Foto: Sherzod Sotvoldiyev

17 ta yuk mashinasiga ortilgan ko‘mak karvonida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, sanitar-gigiyenik hamda tibbiy vositalar, birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan anjomlar mavjud. Karvonga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, ulamolar va nuroniylar oq yo‘l tiladi.

Foto: Sherzod Sotvoldiyev

“Daryo” muxbiri Aziz Ermatovga ko‘ra, 3-may kuni Farg‘onadan Sirdaryo viloyatiga 250 tonna sement, 4800 dona shifer, 120 mingta pishgan g‘isht, 3000 kvadrat metr qurilish oynasi va 400 kubometr yuvilgan qum ortilgan 47 ta yuk mashinasi, qurilish va irrigatsiya texnikalaridan iborat maxsus yordam guruhi yuborilgan.

Foto: Aziz Ermatov

Shu kuni sardobaliklar uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak ortilgan 30 ta yuk mashinasidan iborat navbatdagi ko‘mak karvoni ham yo‘lga chiqqan.

Foto: Aziz Ermatov

Qayd etilishicha, ikki kun davomida Farg‘onadan Sirdaryoga 1 milliard 59 million so‘mlik xayriya yordami yuborilgan.