Samarqand viloyati budjetidan sardobaliklar uchun 5 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda 2-may kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining yettinchi sessiyasida ma’lum qilingan, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Mavzuga doir: Yulduz Usmonova uyi oldida Sardobadagi toshqindan jabrlanganlar uchun insonparvarlik yordami to‘plamoqda
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kengash raisi, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov videoselektor tarzidagi sessiya qatnashchilariga Sardoba tumanidagi voqea, u yerdagi bugungi vaziyat haqida axborot bergan.“Sardobaliklar bizning birodarlarimiz. Ular yoz mavsumida aholimizni poliz mahsulotlari bilan ta’minlab keldi, — dedi Erkinjon Turdimov. — Qolaversa, og‘ir kunda yelkadosh bo‘lish xalqimizga xos qadriyat. Bu ko‘makni allaqachon boshlab yuborgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali va boshqa shakllarda jabrlanganlarga ma’naviy madad berib turgan viloyatimiz ziyolilari va aholisiga minnatdorchilik bildiraman”.
Ta’kidlanishicha, sessiyada viloyat budjetining 2020-yil birinchi chorakdagi daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan sardobaliklar uchun 5 millard so‘m pul berish taklifi o‘rtaga tashlangan va deputatlar tomonidan ma’qullangan.









