AQShning Missisipi shtatida kosmetolog ayol samolyotni uyga aylantirdi hamda internetda mashhur bo‘lib ketdi, deb yozadi The Sun.
Jo Ann Usseri tanishining maslahati bilan ekspluatatsiyadan chiqarilgan Boeing 727 samolyotini ikki ming dollarga sotib oldi. Qayd etilishicha, ayolning uyi bo‘ron oqibatida vayron bo‘lgan edi. Shuning uchun u samolyotni turar joyga aylantirdi.
Ayol Today teleshousiga bergan intervyusida samolyotni ta’mirlash, suv, elektr o‘tkazish uchun 30 ming dollar sarflaganini aytgan. Qayd etilishicha, uyning vannaxonasi samolyotning hojatxonasiga joylashtirilgan. Bagaj ortiladigan bo‘lmadan esa omborxona sifatida foydalanilgan.
Bundan tashqari, samolyot ichiga jakuzi, gaz plitasi va idish yuvish mashinasi bo‘lgan to‘laqonli oshxona ham qurilgan. Kosmetolog parvoz hissini hosil qilish uchun samolyotning tumshug‘ini ko‘l ustiga joylashtirgan.
“Mening 27 yillik samolyotim dunyodagi eng yaxshi uy. Unda odamlar uyida bo‘lishini istaydigan hamma narsa bor: telefon, konditsioner va kir yuvish mashinasi”, — deydi Jo Ann.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol samolyot ichida to‘rt yil yashagan, hozirda u sayyohlar uchun ochiq. Usseri to‘rt yil davomida turli ko‘rsatuvlarda chiqish qilgan, gazetalarga intervyular bergan hamda mashhur bo‘lib ketgan.
Izoh (0)