Yaponiyada bir nafar O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Yaponiyadagi vakili Jo‘rabek Hasanov ma’lumot bergan.

Foto: La Vanguardia

Assotsiatsiya vakili talaba yigitning umumiy holati yaxshi ekanligini bildirgan.

O‘zbekistonda 17-aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlarning umumiy soni 1405 nafarni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning to‘rt nafari vafot etdi, 156 nafari esa sog‘ayib, reabilitatsiyaga olindi. Xorijda kamida 23 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan.

5-aprelda Nyu-Yorkda doimiy yashab, ishlab kelgan, oilalari ham shu yerda bo‘lgan ikki nafar o‘zbekistonlikning COVID-19’dan vafot etgani xabar qilingan, keyinchalik O‘zbekiston TIV ushbu ma’lumotni tasdiqlagandi. 7-aprelda yana bir o‘zbekistonlik koronavirusdan o‘lgani ma’lum qilindi. Keyinroq Nyu-Yorkdagi uchinchi qurbon mashhur shashmaqom ijrochisi Rustam Samarqandiy ekani oydinlashdi. 17-aprelda Rossiyada 39 yoshli o‘zbekistonlik bemor koronavirus sabab hayotdan ko‘z yumgan va shu tariqa xorijda COVID-19’dan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 4 nafarga yetgan.