O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel, chorshanba kuni, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1600 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratilgan.

Yig‘ilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambag‘allikni va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin bo‘lishi hammaga ayon, deyiladi xabarda.

Shu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa bilan shug‘ullanadigan alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi. Aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qayd etilishicha, aholiga ko‘maklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin bo‘lmagan tizim yaratildi.

Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilangan.

Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qo‘shko‘pir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Shu bois Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash uchun tashkil etilgan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgani ma’lum qilindi.