O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel, chorshanba kuni, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolar, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Zangiota tumanida 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilyapti. Yuqori Chirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, o‘z ishini boshladi. Bu yerda yana qo‘shimcha 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin zonasi qurilishi boshlanib, 15-maygacha topshiriladi.

Ta’kidlanishicha, pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temiryo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaro olib kelindi. Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.

Tajribali shifokor-professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Eng muhimi — xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, saxovatli va olijanob fuqarolar tomonidan ko‘rsatilayotgan beg‘araz xayriya yordamlari manzilli ravishda aholining tegishli qatlamlariga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Avvalroq “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga bir qator davlat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazib berilgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekistonlik bir guruh taniqli san’atkorlar ham koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun 350 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada istiqomat qiluvchi va ayni paytda Toshkentdagi uyida o‘z-o‘zini ijtimoiy izolyatsiya qilayotgan o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov ushbu fondga 20 million dollar mablag‘ o‘tkazib berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa bunng uchun unga minnatdorchilik bildirgan edi.