Yaponiyada yashayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar 3-aprel kuni hukumat tomonidan tashkil etilgan charter reys orqali Paramount Bed kompaniyasining 13 ta maxsus tibbiyot karavotlarini insonparvarlik yordami sifatida O‘zbekistonga jo‘natdi. Bu haqda Yaponiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan biri “Gazeta.uz”ga ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur insonparvarlik yordam jo‘natilishida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliy yordam ko‘rsatdi.
“Yaponiyalik xayrsevar insonlar ko‘magida sotib olingan ushbu tibbiyot karavotlari o‘zining ko‘p funksiyaliligi, tananing turli qismlariga moslashuvchanligi bilan, ayniqsa, og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun qulaylik yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 241 nafarni tashkil qilmoqda.