O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar soni 4-aprel Toshkent vaqti bilan soat 21:00 holatiga ko‘ra, 266 nafarga yetdi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, kasallanganlar soni so‘nggi bayonot berilganidan beri 3 nafarga oshgan.

Avvalroq, 4-aprel Toshkent vaqti bilan soat 17:00 holati bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 263 nafarga yetgani ma’lum qilingan edi.

3-aprel soat 9:00 holatiga ko‘ra, Toshkentda davolanayotgan bemorlarning 17 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilayotgani, to‘rt bemorning ahvoli og‘ir, ikki nafarining ahvoli esa nisbatan og‘irligi aytilgan edi.

Mamlakatda ilk kasallanish holati qayd etilganidan beri 25 nafar bemor sog‘aydi, ikki nafari esa kasallikdan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umra safaridan Turkiya orqali qaytgan namanganlik ayolning koronavirusga chalingan 72 yoshli onasi 27-mart kuni tongda infarktdan vafot etgani, uning dafn marosimida birorta ham qarindoshi qatnashmagani haqida xabar berilgan edi.

Koronavirusning O‘zbekistondagi ikkinchi qurboni esa Toshkentda istiqomat qilgan 39 yoshli shifokor ekani aytilgan edi — u kasalligini yashirib, o‘zini uyda davolashga uringan. Undan 14 yoshli qashqadaryolik jiyaniga va asli navoiylik ona-bolaga koronavirus yuqqan.